YouTube reklama ortidan 40 milliard dollardan ko‘proq daromad oldi

2025-yilda YouTube reklama daromadi bo‘yicha yirik media kompaniyalarini ortda qoldirdi. Tahlil kompaniyasi Moffett Nathanson hisob-kitoblariga ko‘ra, platforma $40,4 milliard reklama daromadi olgan.
Bu ko‘rsatkich to‘rtta yirik media gigantining umumiy reklama daromadidan ham yuqori bo‘ldi. Jumladan:
- The Walt Disney Company
- NBCUniversal
- Paramount Global
- Warner Bros. Discovery
Ularning umumiy reklama daromadi $37,8 milliardni tashkil etgan.
Bir yil ichida vaziyat keskin o‘zgardi
2024-yilda vaziyat boshqacha edi. O‘sha paytda YouTube reklama daromadi $36,1 milliard bo‘lib, yuqoridagi kompaniyalar jami $41,8 milliard ishlab topgan edi. 2025-yilda esa bu ko‘rsatkichlar o‘zgarib, YouTube yetakchiga aylandi.
Platformaning umumiy daromadi $60 milliardga yetdi
YouTube’ning bosh kompaniyasi Alphabet Inc. ma’lumotiga ko‘ra, platformaning 2025-yildagi umumiy daromadi $60 milliardga yetgan.
Daromadning katta qismi obuna xizmatlaridan kelmoqda. Ular qatoriga quyidagilar kiradi:
- YouTube TV
- YouTube Premium
- YouTube Music
- NFL Sunday Ticket
Taqqoslash uchun, Netflix 2025-yilda $45,2 milliarddollar daromad qayd etgan.
Reklama bozorida hali ham yirik raqiblar bor
Shunga qaramay, YouTube reklama daromadi hali ham Meta Platforms’dan ancha kam. Meta 2025-yilda $196,2 milliard reklama daromadi olgan.
Reklama beruvchilar ayniqsa yosh auditoriya ko‘p vaqt o‘tkazadigan platformalarga e’tibor qaratayotgani YouTube’ning tez o‘sishiga sabab bo‘lmoqda. Platforma 2025-yilning faqat to‘rtinchi choragida $11,4 milliard reklama daromadi qayd etgan.
Bundan tashqari, YouTube sun’iy intellekt texnologiyalarini ham faol rivojlantirmoqda. Yangi tizim SI yordamida yaratilgan deepfake videolarni aniqlash va foydalanuvchilarga ularni o‘chirish bo‘yicha so‘rov yuborish imkonini beradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan yil boshidan buyon dunyoning eng ko‘p tashrif buyurilgan 20 ta sayti e’lon qilingani haqida yozgandi.