
Internetda yangi avlod Chevrolet Silverado 1500 pikapiga oid deb tarqalgan rasmlar aslida sun’iy intellekt (SI) yordamida yaratilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda GM Authority xabar bermoqda.
Avvalroq General Motors (GM) 2027-yilgi yangi avlod Silverado modelini shu yil taqdim etishi kutilayotgani haqida xabarlar chiqqan edi. 2025-yil oxirida AQSh Patent va savdo belgilar idorasiga topshirilgan dizayn patenti ham modelning taxminiy ko‘rinishini ko‘rsatib bergan.

So‘nggi kunlarda internetda tarqalgan rasmlarda esa yangilangan pikap avtosalon stendida turgani tasvirlangan. Suratlarda avtomobil katta qora radiator panjarasi, markazida Chevrolet logotipi va Z71 belgisi bilan ko‘rinadi. Orqa qismida esa katta Chevrolet yozuvi tushirilgan.
Biroq mutaxassislar ushbu tasvirlar haqiqiy emasligini bir nechta dizayn tafsilotlari orqali aniqladi. Eng katta farq avtomobilning old qismi dizaynida qayd etilgan.

Patent chizmalarida yangi Silverado ancha keskin va burchakli old qismga ega bo‘lishi ko‘rsatilgan. SI yordamida yaratilgan rasmlarda esa dizayn hozirgi avlod modeliga juda o‘xshash va yumaloq shaklda tasvirlangan.
Faralar dizayni ham mos kelmaydi. Patent hujjatlarida faralar C-shaklidagi yoritish elementlari bilan berilgan. Internetda tarqalgan rasmlarda esa ingichka vertikal LED chiziqlar ishlatilgan.

Bundan tashqari, prototiplar suratlarida yangi Silverado to‘rtta chiqindi trubasi bilan ko‘ringan. SI tasvirlarida esa hozirgi modelga o‘xshash ikki chiqindi trubasi tasvirlangan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nasri Chevrolet Tracker avtomobili uchun chegirmalar e’lon qilingani haqida yozgan edi.