Toshkentda yil oxiriga qadar 545 ta chorraha «aqlli» tizim orqali avtomatik boshqaruvga o‘tadi

Toshkentda yil oxiriga qadar 545 ta chorraha «aqlli» tizim orqali avtomatik boshqaruvga o‘tadi. Bu haqda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi (YHTEM) bo‘lim boshlig‘i Ollayor Norbo‘tayev ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Kursiv Uzbekistan muxbiri.
Uning ta’kidlashicha, hozirgi kunda qadar Toshkent shahrida 125 chorraha «aqlli» tizimga ulangan bo‘lib, svetoforlar va jamoat transporti harakati real vaqt rejimida avtomatik boshqarilmoqda.
Har bir chorraha kamida 4 ta kamera va transport oqimi zichligini o‘lchovchi datchiklar bilan jihozlangan. Tizimni boshqarish jarayonida 30 dan ortiq mutaxassislar, jumladan, transport muhandislari va IT-tahlilchilar faoliyat olib bormoqda.
Tizim maxsus kameralar va datchiklar yordamida chorrahadagi tirbandliklarni aniqlaydi, zarur yo‘nalishlarda yashil chiroq vaqtini uzaytiradi.

Loyiha 2024-yildan boshlab bosqichma-bosqich joriy etilib, 2026-yildan keng ko‘lamli foydalanishga kiritilmoqda va Toshkentni zamonaviy, barqaror hamda samarali transport tizimiga ega shahar sifatida rivojlantirish yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda yo‘l harakatini yaxshilash uchun «Dolzarb 90 kunlik» boshlangani haqida yozgandi.