O‘zbekistonda mineral o‘git narxlari qanchaga qimmatlashdi

O‘zbekistonda aksariyat mineral o‘git narxlari mavsum boshlanishi bilan o‘sish dinamikasini ko‘rsatdi. «O‘zkimyosanoat» AJ matbuot xizmatining Kursiv Uzbekistan nashriga ma’lum qilishicha, narxlar o‘sishi ishlab chiqarishga emas, birjadagi talablarga bog‘liq.
26-noyabr kuni Chirchiq tumanlararo xo‘jalik sudi Toshkent viloyatidagi Maxam-Chirchiq kimyo zavodi faoliyatini aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar to‘xtatgandi. Kompaniya tarmoq korxonalari bir maromda ishlamoqda.
«Maxam-Chirchiq»AJda 2025-yil 4-13 avgust kunlari O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida tuzilgan 11 banddan iborat dalolatnomada ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklarni bartaraf etilganligi yuzasidan 2026-yil 11-fevralda 19-15/15-sonli xat bilan ma’lumot taqdim qilingan», — deyiladi kompaniya izohida.
Izohga ko’ra, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining Toshkent viloyati bosh boshqarmasiga 2026-yil 10-mart kuni 19-15/22-sonli xat taqdim qilingan. Shuningdek, mazkur xatga dalolatnomadagi aniqlangan har bir kamchiliklarning bartaraf etilganligi to‘g‘risidagi barcha asoslovchi hujjatlar, ma’lumotlar keltirib o‘tilgani qayd etilgan.
Narxlar qimmatlashishi birjaga bog‘liq

Ammiakli selitra 12-noyabr kuni 3 087 896 mln so‘m bo‘lgan bo‘lsa, 11-mart holatiga ko‘ra 3 016 488 so‘mni tashkil etdi. Ushbu mahsulot narxi qariyb 71 ming so‘mga pasaydi. Karbamid narxi esa aksincha oshdi. 12-noyabr kuni bir tonna karbamid 3 875 763 so‘m bo‘lgan. 11-martga kelib uning narxi 4 097 543 so‘mga yetdi. Karbamid narxi esa qariyb 222 ming so‘mga qimmatlashdi.
Ammofos narxida ham o‘sish qayd etildi. 12-noyabr kuni bu mahsulotning bir tonnasi 7 726 905 so‘m bo‘lgan bo‘lsa, 11-mart holatiga ko‘ra 8 395 155 so‘mni tashkil etdi. Bu esa narx qariyb 668 ming so‘mga oshganini ko‘rsatadi.
Jadval:
| Mahsulot | 12-noyabr narxi (so‘m/t) | 11-mart narxi (so‘m/t) | O‘zgarish |
|---|---|---|---|
| Ammiakli selitra | 3 087 896 | 3 016 488 | −71 408 |
| Karbamid | 3 875 763 | 4 097 543 | +221 780 |
| Ammofos | 7 726 905 | 8 395 155 | +668 250 |
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri 2026-yilda kimyo mahsulotlari eksporti $720 mlnga yetkazilishi haqida yozgan edi.