
Qozog‘istonda Geely Galaxy Cityray krossoveri sinovdan o‘tkazildi. Model tashqi ko‘rinishda Geely Atlas’ni eslatadi, biroq o‘lchami undan kichikroq va Coolray platformasida qurilgan.
Avtomobil 1,5 litrli turbo dvigatel bilan jihozlangan. U 174 ot kuchi beradi va 7 pog‘onali robot uzatma bilan ishlaydi. Model 100 km/soat tezlikka taxminan 8,9 soniyada chiqadi. Sharhlovchi motor va uzatma birikmasi yaxshi tanish ekanini, bu juftlik avval Coolray’da ham o‘zini ko‘rsatganini aytdi.

Qozog‘istonda Geely Galaxy Cityray’ning boshlang‘ich narxi qariyb 11 mln tenge ($22,3 ming) etib belgilangan. Eng yuqori komplektatsiya esa 12,29 mln tenge ($25 ming) turadi.
Maksimal komplektatsiyada 19 dyuymli disklar, panoramali tom, elektr yuritmali bagaj eshigi, o‘rindiqlar va rul isitgichi, ko‘r nuqta indikatori, kameralar va boshqa qulayliklar bor. Orqa qatorda joy kengligi yaxshi baholangan. Ayniqsa tizza uchun joy yetarli ekani ta’kidlandi.



Avtomobil salonida katta displey o‘rnatilgan va ko‘p boshqaruv funksiyalari aynan shu ekran orqali ishlaydi. Bu esa ayrim haydovchilar uchun noqulay bo‘lishi mumkin. Masalan, yukxona, iqlim tizimi va ayrim isitish funksiyalari ham displey orqali boshqariladi. Fizik tugmalar kamligi kamchilik sifatida qayd etildi.
Sinov davomida o‘rindiqlar qulay ekani alohida atab o‘tilgan. Haydovchi o‘rindig‘i uzoqroq harakatda ham charchatmaydi. Bagaj hajmi ham yaxshi baholangan, orqa o‘rindiqlar yig‘ilganda deyarli tekis pol hosil bo‘ladi.

Kamchiliklar qatorida old «parktronik»larning yo‘qligi, robot uzatmada orqa tezlikka o‘tishdagi o‘ziga xoslik, ayrim plastik qismlar sifati va barcha funksiyalarning deyarli to‘liq sensor ekran ichiga yashirilgani sanab o‘tildi.
Umuman olganda, Geely Galaxy Cityray oilaviy va kundalik foydalanish uchun mo‘ljallangan qulay krossover sifatida baholandi. U sokin va qulay haydashni afzal ko‘radigan xaridorlarga mos model sifatida ta’riflandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Geely EX2 elektromobilining narxi qimmatlashgani haqida xabar berilgandi. Modelning boshlang‘ich narxi 123 ming braziliya reali (taxminan $24,5 ming) etib belgilandi. Avvalroq avtomobil taqdimot davrida 119 ming real (taxminan $23,8 ming) narxda taklif qilingan edi.