Nyu-Yorkda yana bir O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi

10-mart kuni Nyu-York shahrida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida Nilufar Komilova vafot etdi. Bu haqda O‘zbekistonning Nyu Yorkdagi Bosh konsulxonasi xabar berdi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa New York City Department of Transportation’ga tegishli yuk mashinasi ishtirokida yuz bergan. Komilova 31 yoshni qarshi olgan bo‘lib, ikki farzandning onasi edi.
Bosh konsulxona marhumaning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi. Konsulxona ma’lum qilishicha, ular marhumaning oila a’zolari bilan doimiy aloqada bo‘lib, zarur konsullik va huquqiy yordam ko‘rsatishga tayyor.
Avvalroq «Kursiv» nashri AQShda 11 yoshli o‘zbekistonlik qiz YTHda halok bo‘lgani haqida yozgandi.
CBC News nashrining ma’lum qilishicha, hodisa 5-fevral kuni sodir bo‘lgan. Uni chorrahada piyodalar yo‘lagidan kesib o‘tayotganida o‘ng tomonga burilayotgan maktab avtobusi urib yuborgan.
Shuningdek, Qatardagi YTH oqibatida ham 11 yoshli o‘zbekistonlik vafot etgani haqida yozgandi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent shahrida tug‘ilgan bola Qatarga safari davomida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida vafot etgan. Avtotransport vositasi boshqaruvi yo‘qotilishi oqibatida u bosh qismidan og‘ir tan jarohati olib, hodisa joyida hayotdan ko‘z yumgan.