Apple’ning 50 yillik yubileyi munosabati bilan Tim Kuk maktub yo‘lladi

eʼlon qilindi
Maktub «50 yil boshqacha o‘ylab» (50 years of thinking different) deb nomlangan
Apple kelasi hafta bir nechta yangi mahsulotlarini taqdim etadi
Foto: Al Arabiya

Apple kompaniyasi 1-aprel kuni 50 yillik yubileyini nishonlaydi. Shu munosabat bilan kompaniya bosh direktori Tim Kuk rasmiy saytida kompaniya tarixiga bag‘ishlangan ochiq maktub e’lon qildi. Bu haqda kompaniyaning rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.

Maktub «50 yil boshqacha o‘ylab» (50 years of thinking different) deb nomlangan bo‘lib, u Apple’ning mashhur reklama shiori — Think Different’ga ishora qiladi. Tim Kukning ta’kidlashicha, kompaniya yaratilganidan buyon aynan shu tamoyilga amal qilib kelmoqda va kelajakda ham shu yo‘ldan boradi.

U maktubida Apple’ning ilk yillari haqida ham eslatib o‘tadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yarim asr avval kichik garajda paydo bo‘lgan g‘oya texnologiyalar insonlar uchun shaxsiy va qulay bo‘lishi kerakligi butun texnologiya sanoatini o‘zgartirib yubordi.

Tim Kuk Apple tarixidagi asosiy mahsulotlarni ham tilga oldi: Apple I dan boshlab Mac, iPod, iPhone, iPad, Apple Watch hamda AirPods kabi qurilmalar kompaniya rivojida muhim rol o‘ynaganini qayd etdi. Shuningdek, App Store, Apple Music, Apple Pay, iCloud va Apple TV kabi xizmatlar ham kompaniya ekotizimining muhim qismiga aylangan.

Kuk maktubida kompaniya muvaffaqiyatida foydalanuvchilarning hissasi alohida ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Uning fikricha, Apple yaratgan texnologiyalar odamlar qo‘lida yangi g‘oyalar, startaplar va kashfiyotlarga yo‘l ochib bergan.

Yakunda Tim Kuk kompaniya jamoasi, dasturchilar hamjamiyati hamda Apple mahsulotlaridan foydalanayotgan millionlab mijozlarga minnatdorlik bildirib, dunyoni o‘zgartirish mumkinligiga ishonadiganlarni olqishladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Apple eski iPhone modellari uchun xavfsizlik yangilanishlari chiqargani haqida yozgandi.

Shuningdek