Turkish Airlines’ga tegishli samolyot Samarqandda favqulodda qo‘ndi

Xoshimin – Istanbul yo‘nalishi bo‘yicha parvoz qilayotgan Turkish Airlines aviakompaniyasining TK163 reysi Samarqand xalqaro aeroportida favqulodda qo‘nishni amalga oshirdi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar bermoqda.
Unga ko‘ra, Boeing-787 havo kemasi ekipaji yo‘lovchining sog‘lig‘i yomonlashgani munosabati bilan zaxira aerodromiga yo‘l olishga qaror qilgan. Samolyot Toshkent vaqti bilan soat 03:40 da Samarqandga muvaffaqiyatli qo‘ndi. 1959-yilda tug‘ilgan Fransiya fuqarosiga zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, unda infarkt gumon qilinmoqda.
Yo‘lovchi va uni kuzatib borayotgan ikki kishi keyingi tekshiruvlar va yordam ko‘rsatish maqsadida tibbiyot xodimlariga topshirildi. Barcha zaruriy tartib-qoidalar yakunlangach, parvoz davom ettirildi. Mahalliy vaqt bilan soat 05:11 da Turk havo yo‘llari samolyoti Samarqanddan Istanbulga uchib ketdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Turkish Airlines noqulay ob-havo tufayli Istanbuldagi 54 ta reysni bekor qilgani haqida xabar bergan edi.