Mahallalarda aholi turmushini yaxshilash uchun 56 trln so‘m ajratiladi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida joriy yilda mahallalarda aholi turmushini yaxshilashga 56 trln so‘m ajratilishi ma’lum qilindi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Yig‘ilishda qayd etilishicha, mamlakat nufusi 38 mlndan, mehnatga layoqatli aholi esa 20 mlndan oshgan.
Videoselektorda hudud rahbarlarining xalq muammolarini hal etishdagi faoliyati tahlil qilinib, Xalq qabulxonalari tizimi yangilanishi belgilandi. Davlat rahbari shuncha mablag‘ va imkoniyatlar berilayotganiga qaramay, joylarda muammolar to‘liq hal etilmayotganini ko‘rsatib o‘tdi.
«Endi vazirlar, hokimlar o‘ziga savol bersin: shuncha imkoniyat bo‘la turib, aholi ko‘targan masalalarga vaqtida yechim topib beryaptimi?», – dedi prezident.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, respublika bo‘yicha har 10 ming kishiga o‘rtacha 319 ta ariza va shikoyat to‘g‘ri kelmoqda. Biroq bu ko‘rsatkich Toshkent shahrida 535 ta, Navoiy viloyatida 462 ta hamda Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarida 452 tani tashkil qilgan. Umumiy murojaatlar soni 16 foizga kamaygan bo‘lsa-da, Qorovulbozor, Nurota, Konimex, Tuproqqal’a tumanlari va Namangan shahrida shikoyatlar ulushi 50 foizgacha o‘sgan.
Yig‘ilish davomida ayrim hudud rahbarlarining faoliyati tanqid ostiga olindi. Xususan, Buxoro, Karmana, Uchquduq, Sardoba, Xovos, Bo‘stonliq tumanlari hamda Angren va G‘ozg‘on shaharlari hokimlari sayyor qabullarni bir necha kishi ishtirokida faqat nomiga o‘tkazganlikda ayblandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan oliy ta’limda xotin-qizlar qamrovi 1 millionga yaqinlashgani haqida xabar bergan edi.