Qarshi shahridagi muammolarni hal qilish tizimi barcha hududlarda joriy etiladi

eʼlon qilindi
Tuman va shahar hokimlariga aholi murojaatlari bilan ishlashning Qarshi tajribasini qo‘llash vazifasi yuklatildi
Foto: Vikipedia

Qarshi shahrida aholi tomonidan tushgan uy-joy, ijtimoiy ta’minot va davlat idoralari faoliyatiga oid murojaatlarni kompleks hal etish bo‘yicha yangi tizim tajribadan o‘tkazilmoqda. Prezident raisligidagi yig‘ilishda barcha hudud rahbarlariga ushbu tizimni o‘z faoliyatiga tatbiq etish topshirildi.

Qarshi shahrida joriy yilda 3,7 mingta xonadonli ko‘p qavatli uylar qurilishi rejalashtirilgan. Shahar aholisidan uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha 124 ta, davlat idoralari xodimlari faoliyati yuzasidan esa 794 ta shikoyat kelib tushgan. Xususan, ichki ishlar organlari xodimlari ustidan 281 ta ariza yo‘llangan bo‘lib, endilikda viloyat mas’ullari ular uchun muomala madaniyati bo‘yicha maxsus o‘quvlar tashkil etadi.

Xalq qabulxonasiga nafaqa bo‘yicha tushgan 877 ta murojaat kompleks tahlil qilinadi. Tizim doirasida 309 nafar ayolning farzandi bog‘chaga joylashtiriladi, 82 nafar ishsiz xotin-qiz kasbga o‘qitilib, ish bilan ta’minlanadi. Shuningdek, 159 nafar yolg‘iz onaning 159 nafariga tadbirkorlik uchun imtiyozli kreditlar ajratilishi hamda 34 nafar nogironligi bor shaxsga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilishi ko‘zda tutilgan.

Qarshi shahri joriy yilning birinchi yarmida murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha namunali hududga aylantirilishi belgilandi. Respublika bo‘yicha barcha 208 ta tuman va shahar hokimlari ushbu tajriba asosida aholi muammolarini hal qilish rejasini ishlab chiqib, xalq deputatlari kengashlarida tasdiqlatadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan xalq qabulxonalari faoliyatida yangi tizim joriy etilishi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek