AQSh Rossiya neftiga qo‘yilgan sanksiyalarni vaqtincha yumshatdi

eʼlon qilindi
12-martgacha yuklangan yonilg‘ini sotishga 11-aprelga qadar ruxsat berildi
Foto: Point.md

Amerika Qo‘shma Shtatlari 12-martga qadar tankerlarga yuklangan Rossiya nefti va neft mahsulotlarini sotish bo‘yicha cheklovlarni vaqtincha bekor qildi. Ushbu chora 11-aprelga qadar amal qilishi belgilangan. Tegishli litsenziya AQSh Moliya vazirligi saytida e’lon qilindi.

AQSh Moliya vaziri Skott Bessent ushbu qarorni «tor doiradagi, qisqa muddatli chora» deb tavsifladi. Uning ta’kidlashicha, mazkur qadam Rossiya hukumatiga sezilarli moliyaviy foyda keltirmaydi. Vazirga ko‘ra, Rossiya budjeti energiya resurslaridan keladigan daromadlarning asosiy qismini qazib olish joyida undiriladigan soliqlar hisobidan oladi.

Rossiya Federatsiyasi prezidentining maxsus vakili Kirill Dmitriev ushbu yumshatish taxminan 100 mln barrel yonilg‘iga taalluqli bo‘lishini ma’lum qildi. Ma’lumotlariga ko‘ra, 12-mart holatiga ko‘ra dunyoning 30 ta nuqtasidagi tankerlarda jami 124 mln barrel Rossiya nefti mavjud.

Eron tomonidan bloklanayotgan Hormuz bo‘g‘ozidagi kundalik yoqilg‘i yo‘qotishlari fonida, ushbu zaxira taxminan 5-6 kunlik yetkazib berish hajmiga teng kelishi aytilmoqda. Avvalroq AQSh Hindistonga tankerlarda bo‘lgan Rossiya neftini 30 kun davomida sotib olishga ruxsat bergan edi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Buyuk Britaniya Rossiyaga qarshi qariyb 300 ta yangi sanksiyani e’lon qilgani haqida yozgandi.

Shuningdek