Milliy statistika tizimi mutaxassislarining malakasi oshiriladi

Mamlakatda statistika tizimi samaradorligini oshirish va soha mutaxassislarining kasbiy salohiyatini kuchaytirishga qaratilgan yangi chora-tadbirlar belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Mazkur qaror bilan milliy statistika tizimida kadrlar salohiyatini oshirish va statistik ma’lumotlar sifatini yaxshilashga qaratilgan vazifalar belgilandi. Xususan, har ikki yilda 3 ming nafar milliy statistika tizimi mutaxassislarini o‘qitish imkoniyatini yaratish hamda yashirin va kreativ iqtisodiyotni baholash maqsadida statistika metodologiyasini takomillashtirish asosiy maqsadlardan biri etib belgilandi.
Shuningdek, qaror bilan Milliy statistika qo‘mitasining Kadrlar malakasini oshirish va statistika tadqiqotlari instituti faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari tasdiqlandi.
2026-yil 1-apreldan boshlab institutda vazirlik va idoralarning ma’muriy ma’lumotlarini yuritish, statistika uslubiyotlarini ishlab chiqish hamda ochiq ma’lumotlar portali bilan ishlashga mas’ul bo‘lgan xodimlar uchun har ikki yilda shartnoma asosida 48 soatgacha malaka oshirish kurslari tashkil etiladi.
Bundan tashqari, statistika hisobotlarini taqdim etuvchi subyektlar, jumladan, tadbirkorlar uchun zarur amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan o‘quv kurslari ham yo‘lga qo‘yiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda Milliy biofarmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilishi haqida yozgan edik.