Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida bir nechta narkojinoyatlar fosh etildi

eʼlon qilindi
Umumiy 8 kg 415 gr «gashish» va 2 gr «opiy» hajmda
DXX
Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida bir nechta narkojinoyatlar fosh etildi / Foto: Sun’iy intellekt

Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida narkotik moddalar bilan bog‘liq jinoyat holatlari yuzasidan bir nechta shaxslar qamoqqa olindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.

Birinchi holatda, Tojikiston Respublikasi hududidan Sirdaryo daryosi orqali davlat chegarasini buzib o‘tgan Bekobod shahrida yashovchi, 1998-yilda tug‘ilgan fuqaro qo‘lga olindi. Uning yonida jami 5 kg 31 gr «gashish» moddasi topilib, protsessual tartibda rasmiylashtirildi.

Ikkinchi holatda, DXX Toshkent viloyati boshqarmasi va bojxona idoralari hamkorligida poytaxtdagi bir xususiy tibbiy klinikada o‘tkazilgan tekshiruvda 1970-yilda tug‘ilgan shaxsga tegishli 1 kg 367 gr «gashish» moddasi aniqlandi.

Uchinchi holatda, Farg‘ona tumanida yashovchi, 1998-yilda tug‘ilgan shaxs 1 kg 21 gr «gashish» moddasini olgan vaqtida qo‘lga olindi. Shuningdek, uning yashash xonadonidan 2 gr «opiy» moddasi dalil sifatida olingan. Ushbu holatda uning jinoiy sherigi, Farg‘ona shahrida yashovchi 1998-yilda tug‘ilgan fuqaro ham qo‘lga olindi.

To‘rtinchi holatda esa oldindan kuzatuv ostida bo‘lgan Farg‘ona viloyatining Qo‘shtepa tumanida yashovchi, 1999-yilda tug‘ilgan shaxs «Neksiya» rusumli avtomashinasida Marg‘ilon shahri hududida 996 gr «gashish» moddasini olib ketayotgan vaqtida qo‘lga olindi.

Hozirda barcha qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan va ularga «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq xorijdan olib kelingan sintetik narkotik va kuchli ta’sir qiluvchi dorilar to‘xtatib qolingan edi.

Shuningdek