Donald Tramp Hormuz bo‘g‘ozini ochish uchun davlatlarni harbiy kemalar yuborishga chaqirdi

eʼlon qilindi
Eron bo‘g‘oz faqat «dushman davlatlar» kemalari uchun yopilganini bildirdi
Donald Tramp Hormuz bo‘g‘ozini ochish uchun davlatlarni harbiy kemalar yuborishga chaqirdi
Foto: Bloomberg

AQSh prezidenti Donald Tramp Hormuz bo‘g‘ozini qayta ochish uchun boshqa davlatlarni harbiy kemalar yuborishga chaqirdi. Bloomberg’ning yozishicha, u bu orqali savdo kemalarining xavfsiz harakatlanishini ta’minlashni rejalashtirmoqda.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, AQSh bilan birga Xitoy, Fransiya, Yaponiya, Janubiy Koreya va Buyuk Britaniya ham bo‘g‘oz xavfsizligini ta’minlash uchun harbiy kemalar yuborishi mumkin.

Hormuz bo‘g‘ozi dunyo neft savdosining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Odatda global neft yetkazib berishining qariyb beshdan bir qismi aynan shu hudud orqali amalga oshiriladi.

Trampning bayonoti AQShning Eron hududidagi Xarg orolida joylashgan harbiy obyektlarga zarba berganidan so‘ng yangradi. Bu orol orqali Eron neftining katta qismi eksport qilinadi.

Eron esa bo‘g‘oz faqat «dushman davlatlar» kemalari uchun yopilganini bildirgan. Shu bilan birga, mintaqada AQSh, Isroil va Eron o‘rtasidagi hujumlar davom etmoqda.

Urush 28-fevral kuni AQSh va Isroilning Eron hududlariga zarba berishi bilan boshlangan edi. Turli manbalarga ko‘ra, o‘shandan beri mintaqada qariyb 3,7 mingdan ortiq kishilar halok bo‘lgan.

Mintaqadagi keskinlik neft bozoriga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Brent markali neft narxi bir barrel uchun $100 dan oshib, so‘nggi to‘rt yil ichidagi eng yuqori darajaga chiqdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Yaqin Sharqdagi keskinlik O‘zbekiston iqtisodiyotiga qanday ta’sir qilishi haqida ekspertlar fikrini o‘rgangandi. Hormuz bo‘g‘ozi yopilishi Eronning Bandar-Abbos porti faoliyatini to‘xtatishiga olib keladi. Professor To‘lqin Boboqulovga ko‘ra, O‘zbekistonning Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyoga eksportining 80 foizdan ortig‘i aynan shu port orqali amalga oshiriladi. Bu katta yo‘qotish bo‘ladi.

Ikboljon Kasimov muqobil sifatida Trans-Kaspiy (Middle Corridor) yo‘nalishini ko‘rsatadi. Bu Markaziy Osiyo – Kaspiy – Kavkaz – Turkiya – Yevropa zanjiri orqali ishlaydi. Hozir mavjud, ammo to‘liq o‘rin bosishi uchun sig‘im va tarif masalalari hal etilishi kerak.

Shuningdek