Ortda qolayotgan haftada nimalar yuz berdi

Kursiv Uzbekistan o‘tgan hafta mobaynida respublika va xorijda yuz bergan yangiliklarni bir joyga jamladi.
Mojtaba Xomanaiy Eronning yangi oliy rahnamosi

Eronda 88 nafar yuqori martabali shia ulamolaridan iborat kengash marhum Ali Xomanaiyning o‘g‘li Mojtabani mamlakatning uchinchi oliy rahnamosi etib sayladi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda. AQSh prezidenti Donald Tramp yangi rahbar saylanishiga munosabat bildirib, «Agar u bizning ma’qullovimizni olmasa, uzoqqa bormaydi», – deya ta’kidladi.
Eron tomondan kislotali bulutlar kelishi haqidagi xabarlar rad etildi
Foto: Pexels.com
Ijtimoiy tarmoqlarda Erondagi neft obyektlariga qilingan hujumlardan so‘ng shakllangan kislotali bulutlar Markaziy Osiyoga yetib kelishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi. «O‘zgidromet» ushbu ma’lumotlarni qat’iyan rad etib, ular hech qanday ilmiy asosga ega emasligini ta’kidladi.
Kislotali yog‘inlar atmosferada oltingugurt oksidlari (SO₂) va azot oksidlari (NO₂) uzoq vaqt to‘planib, bulutlarda suv bug‘i bilan kimyoviy reaksiyaga kirishishi natijasida hosil bo‘ladi. Bunday jarayonlar, asosan, yirik sanoat hududlari hamda to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqindi manbalari yaqinida kuzatiladi.
Abdurahmon Tashanovga ma’muriy ish ochildi
Foto: «Ezgulik»
«Ezgulik» inson huquqlari jamiyati asoschisi va raisi Abdurahmon Tashanovga ma’muriy ish qo‘zg‘atildi. Tashanovning yozishicha, O‘zbekiston harbiy prokurori, polkovnik Otabek Xolboyevning 2026-yil 28-fevraldagi qaroriga ko‘ra, unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 202(2)-moddasi 1-qismi, ya’ni yolg‘on xabar tarqatish moddasi bilan ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan. Dastlabki surishtiruv respublika Harbiy prokuraturasining o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi tergovchisi, podpolkovnik Timur Muhitdinov tomonidan olib borilgan.
APL futbolchilarining narxlari yangilandi: Husanov-chi
Foto: mancity.com
Transfermarkt portali Angliya Premyer ligasida harakat qilayotgan futbolchilarning transfer narxlarini yangiladi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Angliyaning «Manchester Siti» klubi himoyachisi Abduqodir Husanovning transfer qiymati o‘zgarishsiz qolib, 35 mln yevroni tashkil etmoqda.
Forbes dunyoning eng boy insonlar ro‘yxatini yangiladi
Rasm SI yordamida yaratilgan
Forbes nashri dunyoning eng boy insonlar ro‘yxatini yangiladi. 2026-yilda dunyoning eng boy odami yana Ilon Mask bo‘ldi.Maskning boyligi $839 mlrdga yetgan. Uning asosiy aktivlari Tesla va SpaceX kompaniyalari hisoblanadi. So‘nggi bir yil ichida uning boyligi $497 mlrdga oshgan.
Ikkinchi o‘rinni Google asoschisi Larri Peyj egalladi. Uning boyligi $257 mlrdga baholanmoqda. Uchinchi o‘rinda yana bir Google asoschisi Sergey Brin joylashdi. Uning boyligi $237 mlrdni tashkil etdi. To‘rtinchi o‘ringa Amazon asoschisi Jeff Bezos tushdi. Uning boyligi $224 mlrdga teng.
Adliya va Energetika vazirliklari hamda Soliq qo‘mitasida kiberxavfsizlik bo‘limlari tashkil etiladi
Foto: internet
2026-yil 1-apreldan Adliya vazirligi, Energetika vazirligi hamda Soliq qo‘mitasida kiberxavfsizlikni ta’minlash bo‘limlari tashkil etiladi. Bunga doir prezident farmoni qabul qilindi. Hujjat bilan 2026 – 2030-yillarga mo‘ljallangan kiberxavfsizlik strategiyasi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, 2026-yil 1-apreldan boshlab davlat organlari va tashkilotlari kiberxavfsizlikni ta’minlash uchun zarur mablag‘larni budjet parametrlari doirasida hamda budjetdan tashqari jamg‘armalar hisobidan yo‘naltiradi.
General Motors ehtiyot qismlar bozoriga qaytmoqda
Foto: Reuters
General Motors Hindiston bozoriga qaytishini e’lon qildi. Ammo bu safar kompaniya avtomobil sotishni rejalashtirmayapti, deb yozmoqda Tarantas News nashri. GM tez rivojlanayotgan xizmat va ehtiyot qismlar segmentiga yo‘naltiriladi va global ACDelco brendini qayta ishga tushiradi.
ACDelco mahsulotlari Assurance International Limited kompaniyasi bilan litsenziya shartnomasi asosida ishlab chiqariladi va tarqatiladi. Dastlab motor yog‘lari va batareyalar ishlab chiqarilib, kelgusi uch yil ichida yangi batareya ishlab chiqarish zavodi qurilishi rejalashtirilgan.
Ali Xomanaiyning bevasi tirik ekani rasman tasdiqlandi
Eronning sobiq oliy rahnamosi Ali Xomanaiyning bevasi Mansura Xojasta Bagirzoda tirik ekani tasdiqlandi. Uning vafot etgani haqidagi dastlabki xabarlar xato bo‘lib chiqdi. Bu haqda Eronning Fars News agentligi xabar bermoqda.
12-mart kuni Eronning amaldagi oliy rahnamosi Mojtaba Xomanaiy ilk rasmiy nutqida halok bo‘lgan yaqinlari qatorida onasini tilga olmagan edi. U AQSh va Isroil hujumlari oqibatida o‘zining turmush o‘rtog‘i, singlisi, jiyani va pochchasi halok bo‘lganini aytib, shahidlarning oilalariga chuqur hamdardlik bildirishini aytgan.
Toshkentda avtobus yo‘laklari to‘siqlar bilan ajratiladi
Toshkent shahrida jamoat transporti harakatini yaxshilash uchun avtobuslarga mo‘ljallangan «A» yo‘laklari maxsus to‘siqlar bilan ajratilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish markazi ma’lum qildi.
Bu yo‘laklar deliniatorlar yordamida ajratiladi. Natijada boshqa avtomobillar avtobuslar uchun ajratilgan yo‘laklarga kirib ketolmaydi. Bu esa jamoat transportining tezroq va tartibli harakatlanishiga yordam beradi.
Elektromobillarni quvvatlash stansiyalari faoliyati yuzasidan senator so‘rovi yuborildi
Foto: YouTube
Senatning Budjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Kobuljon Tursunov elektromobillarni quvvatlash stansiyalari faoliyati yuzasidan Energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudovga senator so‘rovi yuborildi. Bu haqda Oliy Majlis Senati matbuot xizmati ma’lum qildi.
AQSh Eron oliy rahnamosi haqidagi ma’lumot uchun mukofot puli e’lon qildi
Foto: Reuters
AQSh Eronning yuqori harbiy va razvedka amaldorlari, jumladan, yangi oliy rahnamosi Oyatulloh Mojtaba Xomanaiy haqida ma’lumot bergan shaxslarga $10 mlngacha mukofot puli taklif qilmoqda. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Pokiston kompaniyasi O‘zbekistonda poyabzal ishlab chiqarishi mumkin
Foto: «Dunyo» AA
Pokistonning «Hawk Fire Industries» kompaniyasi O‘zbekistonda charm sanoati va poyabzal ishlab chiqarish yo‘nalishida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirmoqda. Bu haqda «Dunyo» AA ma’lum qildi.
Cobalt va Damas yana oldinda: O‘zbekistonda eng ko‘p sotilayotgan avtomobillar qaysi

2026-yil yanvar – fevral oylarida O‘zbekistonda jami 57,5 ming dona avtomobil sotildi. Eng ko‘p sotilgan modellar orasida Cobalt va Damas yetakchilik qildi.
Hisobotga ko‘ra, Cobalt 15,3 ming dona bilan birinchi o‘rinda qayd etildi. Undan keyin 11,2 ming dona natija bilan Damas joy oldi. Tracker 7,6 ming dona, Onix 6,8 ming dona va Labo 4,4 ming dona sotuv bilan keyingi o‘rinlarni egalladi.
Abduqodir Husanov ota bo‘ldi

«Manchester Siti» klubi va O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi, 22 yoshli Abduqodir Husanov 14-mart kuni o‘g‘il farzandning otasi bo‘ldi.
Farzand tug‘ilgani haqidagi xabarni o‘zbek futboli va klub muxlislari xursandchilik bilan kutib oldi. Tarmoqlarda ko‘pchilik sportchini tabriklab, o‘g‘lining otasidek kuchli va qat’iyatli, ilmli bo‘lib ulg‘ayishini tilamoqda.
«Qo‘qonlik tabib» Iqbol Soliyev Ozarbayjonda ushlangani haqidagi xabarlarni rad etdi

«Qo‘qonlik tabib» nomi bilan tanilgan Iqbol Soliyev Ozarbayjonda ushlangani haqidagi xabarlarni rad etdi. U bu haqda o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.
Soliyevning aytishicha, Ozarbayjonda bo‘lgan vaqtida hech qanday muammo yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan bog‘liq holat yuz bermagan. Soliyev hozir O‘zbekistonda, o‘z uyida ekanini ham aytdi.
SSSRning so‘nggi fuqarosiga O‘zbekiston ID-kartasi berildi
Ijtimoiy tarmoqlarda «SSSRning so‘nggi fuqarosi Samarqandda yashamoqda» sarlavhasi bilan tarqalgan xabar yuzasidan Adliya vazirligi izoh berdi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, 1972-yil 21-dekabrda Nurota tumanida tug‘ilgan Kubayeva Onarxol Xoldorovna Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanidagi Quvkalla mahallasida istiqomat qiladi. U 1992-yilda Payariq tumani Nakurt mahallasiga kelin bo‘lib tushgan.