«O‘zyo‘lko‘prik» mansabdori Qoraqalpog‘istondagi magistral yo‘l loyihasi uchun pora olgani fosh bo‘ldi

«O‘zyo‘lko‘prik» klasterining davlat muassasasi Qoraqalpog‘iston filiali mansabdor shaxsi pora talab qilgan vaqtida qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, mansabdor shaxs qurilish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi MChJga «Beruniy – To‘rtko‘l» A380 magistral yo‘li qurilishi loyihasidan 5 kilometr ish hajmini olib berishni va’da qilgan. Buning evaziga u $10 ming talab etgan.
O‘tkazgan tezkor tadbirda mansabdor shaxs ushbu pulni MChJ rahbaridan olayotgan vaqtida ushlandi. Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jizzax va Qoraqalpog‘istonda hokimiyat vakillari pora bilan ushlangandi. Hozirda har ikki holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 168-moddasi asosida jinoiy ishlar qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda.