Hayit bayramiga yaqinlarga nima sovg‘a qilish mumkin va u qancha turadi

17-mart 2026 15:32 eʼlon qilindi

Sapura Temirxanova

Sapura Temirxanova

Muxbir temirxanovasapura@gmail.com
Hayit bayramiga yaqinlarga nima sovg‘a qilish mumkin va u qancha turadi
Rasm ChatGPT yordamida yaratilgan / Kursiv Uzbekistan

Hayit bu yaqinlar, qarindoshlar va do‘stlarni ziyorat qilish, mehr ulashish bayrami. O‘zbek an’analarida bu kunlarda mehmondorchilik bilan birga sovg‘a-salom ham muhim o‘rin tutadi. Ko‘pchilik ota-ona, opa-singil, aka-uka yoki bolalar uchun kichik bo‘lsa ham esdalik sovg‘a tayyorlashga harakat qiladi. Shu sabab Kursiv Uzbekistan eng ommabop sovg‘alar va ularning taxminiy narxlari haqida batafsil ma’lumot to‘pladi.

Ushbu maqoladan quyidagi sovg‘alar haqida bilib olasiz:

Shirinliklar va bayram savatchalari

Parfyumeriya va kosmetika

Chiroyli ro‘mol va aksessuarlar

Erkaklar uchun sovg‘alar

Bolalar uchun sovg‘alar

Uy uchun foydali sovg‘alar

Shirinliklar va bayram savatchalari

Foto: safia.uz

Qandolat mahsulotlari deyarli har bir uyda mehmon kutish uchun tayyorlanadi. Shu sababli chiroyli qadoqlangan shirinlik savatchalari yaxshi sovg‘a bo‘la oladi.

Bayram uchun ko‘plab qandolat do‘konlari, shu jumladan onlayn platformalarda ham turli xil sovg‘a savatchalari, to‘plamlar sotiladi. Ularda shokolad, konfet, pechenye, quritilgan mevalar, qo‘lda tayyorlangan shirinliklar yoki turli import mahsulotlar bo‘ladi. Bunday sovg‘alar ayniqsa mehmon bo‘lib boriladigan xonadonlar uchun mos.

Narxlar mahsulot tarkibiga qarab farq qiladi. Oddiy shirinlik qutilari odatda 120 ming so‘m atrofida. O‘rtacha sovg‘a savatchalari esa deyarli 250–300 ming so‘m. Premium sovg‘a to‘plamlari esa 1,2 mln so‘mgacha yetishi mumkin.

Bundan tashqari, bayram uchun mos tort xarid qilish ham mumkin. Qandolat do‘konlarida ularning narxlari 350 mingdan – 800 ming so‘mgacha atrofda taklif qilinmoqda.

Parfyumeriya va kosmetika

Foto: makeupstore.uz

Har bir bayramda sovg‘a olishni yoqtiradigan ayollar uchun Hayit ham alohida bir bayram. Bu kunda ayollarga beriladigan eng mashhur sovg‘alardan biri parfyumeriya yoki kosmetika mahsulotlari. Bu sovg‘a nafaqat chiroyli, balki amaliy ham hisoblanadi.

Onlayn platformalarda mashhur brendlarning atirlari, parfyum setlari yoki kosmetika to‘plamlari keng taklif qilinadi. Ba’zi do‘konlar Hayit arafasida maxsus sovg‘a qadoqlarini ham taqdim etadi.

Unga ko‘ra, oddiy kosmetika to‘plamlari 80 ming–150 ming so‘m atrofida turadi. Mashhur brend mahsulotlari 250 ming so‘mdan boshlanadi. Premium qator esa taxminan 600 ming so‘m va undan yuqori narxda sotiladi. Atirlar ham xuddi shunday narxlarda taklif etiladi ammo eng yaxshilari yuqori segment (premium)ga kiradi. Bunda narxlar 1,5 mln so‘mdan boshlanib, 4 mln so‘mgacha boradi.

Chiroyli ro‘mol va aksessuarlar

Chiroyli ro‘mol va aksessuarlar
Foto: Gemini SI yordamida qayta ishlandi / Instagram / zehra_uzbekistan

Ayollar uchun yana bir ommabop sovg‘a bu ro‘mol yoki aksessuarlar. Ayniqsa atlas, shifon yoki ipak ro‘mollar Hayit bayrami uchun yaxshi tanlov hisoblanadi. Bahor uchun alohida biroz salqinlik va iliqlikni beradigan matodan tayyorlangan ro‘mol ko‘plab ayollar uchun yoqimli sovg‘alardan biri.

Onlayn savdo platformalarida turli dizayndagi ro‘mollar va ayollar aksessuarlari ko‘p. Ba’zilar sovg‘a qutisi bilan sotiladi. Bu esa sovg‘ani yanada ko‘rkam qiladi.

Ro‘mollar sifati, qalin va uzunligiga qarab 25 ming so‘mdan boshlanib, 60 minggacha oraliqda taklif qilinmoqda. Zargarlik uslubidagi aksessuarlar esa taxminan 30 mingdan 300 ming so‘mgacha yetadi.

Erkaklar uchun sovg‘alar

Erkaklar uchun sovg‘alar
Foto: Gemini yordamida tahrirlandi / olx.uz

Erkaklar uchun deyarli har bayramda sovg‘a tanlash qiyin. Ko‘pchilik erkaklarga atir, kamar yoki soat sovg‘a qiladi. Masalan, onlayn platformalarda oddiy erkaklar atiri 120 ming–300 ming so‘m atrofida turadi. Charm kamarlar 70 ming–200 ming so‘m oralig‘ida sotiladi. Erkaklar uchun klassik qo‘l soatlari esa 150 ming so‘mdan boshlanib, 500 ming so‘mgacha yetishi mumkin. Bunday sovg‘alar ota, aka yoki yaqin do‘stlar uchun mos variant hisoblanadi.

Ammo bunday sovg‘alardan qochishni istaganlar uchun to‘plamlar ham mavjud. Bu esa Hayit bayramiga ajoyib sovg‘a bo‘lishi mumkin. O‘rta narxlarda bunday sovg‘alar to‘plami 100 ming so‘mdan boshlanib, 300 ming so‘mgacha atrofda topiladi.

Kattaroq va o‘zgacha hadya qidirayotganlar uchun esa, har xil massaj uskunalari ham qo‘l keladi. Doim uni yonida olib yurish mumkin bo‘lganlari esa ayni muddao. Onlayn platformalarda bunday qurilmalar narxlari 60 mingdan boshlanib, 500 ming so‘mgacha boradi.

Bolalar uchun sovg‘alar

Bolalar uchun sovg‘alar
Foto: Gemini SI yordamida tahrirlandi / olx

Hayit bayramida bolalar ham albatta e’tibordan chetda qolmaydi. Ular uchun sovg‘a tanlash esa odatda eng quvonchli jarayon bo‘ladi.

Bolalar uchun o‘yinchoqlar, konstruktorlar, yumshoq o‘yinchoqlar yoki shirinlik to‘plamlari ko‘p sotiladi. Onlayn platformalarda bolalar uchun maxsus Hayit sovg‘a paketlari ham mavjud.

Oddiy o‘yinchoqlar 40 ming–80 ming so‘m atrofida turadi. Kattaroq o‘yinchoqlar yoki konstruktorlar 120 ming–300 ming so‘m atrofida. Elektron o‘yinchoqlar esa 400 ming so‘mdan yuqori narxlarda.

Uy uchun foydali sovg‘alar

Foto: Gemini SI yordamida tahrirlandi / uzum

Ba’zan eng yaxshi sovg‘a uyda ishlatiladigan foydali buyum bo‘lishi mumkin. Masalan, choynaklar, dekorativ idishlar yoki kichik maishiy texnika sovg‘a sifatida ko‘p tanlanadi.
Onlayn do‘konlarda chiroyli choynaklar, qanddonlar yoki sovg‘a uchun mo‘ljallangan idish to‘plamlari mavjud. Ba’zi odamlar blender, elektr choynak yoki oshxona aksessuarlarini ham sovg‘a qiladi.

Bunda oddiy oshxona sovg‘alari taxminan 70 ming–150 ming so‘m turadi. Idish to‘plamlari 200 ming–400 ming so‘m atrofida bo‘lishi mumkin. Kichik maishiy texnika esa 250 ming so‘mdan boshlanadi.

Umuman olganda, Hayit bayrami yaqinlarga e’tibor ko‘rsatish uchun eng yaxshi imkoniyatlardan biri. Sovg‘a qimmat yoki katta bo‘lishi shart emas. Muhimi, u samimiyat bilan tanlangan bo‘lishi kerak.

Shuningdek