Ipoteka krediti subsidiyasi uchun arizalar qabuli boshlandi

16-mart kuni soat 14:00 dan boshlab ipoteka kreditlari bo‘yicha davlat subsidiyasini olish uchun arizalar qabul qilinishi boshlandi. Arizalar my.gov.uz portali orqali topshiriladi.
Prezident farmoniga ko‘ra, joriy yilda 30 ming nafar fuqaroga subsidiya berilishi rejalashtirilgan. Buning uchun jami 2,7 trln so‘m mablag‘ ajratiladi.
Subsidiyali ipoteka krediti miqdori Toshkent shahrida 480 mln so‘mgacha bo‘lishi mumkin. Qoraqalpog‘iston va viloyatlarda esa kredit miqdori 380 mln so‘mgacha belgilanadi.
Subsidiyani olish uchun ariza beruvchilar bir qator talablarga javob berishi kerak. Avvalo, ijtimoiy mezonlar bo‘yicha kamida 30 ball to‘plash talab etiladi. Shuningdek, ariza beruvchi va uning turmush o‘rtog‘i nomida uy-joy bo‘lmasligi lozim.
Daromad bo‘yicha ham cheklov mavjud. Viloyatlarda o‘rtacha oylik daromad 3,4 mln so‘mdan 10,1 mln so‘mgacha bo‘lishi kerak. Toshkent shahrida esa bu ko‘rsatkich 3,4 mln so‘mdan 11,6 mln so‘mgacha etib belgilangan. Zarur bo‘lsa, yaqin qarindoshlarning daromadi ham hisobga olinadi.
Ariza topshirish uchun fuqarolar my.gov.uz portali yoki MyGov mobil ilovasidan foydalanishi mumkin. Shuningdek, davlat xizmatlari markazlariga borib ham hujjat topshirish imkoniyati mavjud.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ipoteka omonatlari 1-iyuldan tajriba sifatida joriy qilinishi haqida xabar berilgandi. Ushbu tizim orqali ipoteka krediti uchun subsidiya olish bo‘yicha ijobiy xabarnoma olgan fuqarolar banklarda maxsus omonat ochib, uy-joy uchun dastlabki badalni jamg‘arish imkoniyatiga ega bo‘ladi.