Beshinchi eronlik futbolchi ham Avstraliyani tark etdi

eʼlon qilindi
Hozirga qadar jami besh nafar futbolchi boshpana so‘rovini bekor qilgan
Foto: Dave Hunt / AP

Eron ayollar futbol terma jamoasi sardori Zahro Qanbariy Avstraliyadan boshpana so‘rash qaroridan voz kechib, mamlakatni tark etdi. Bu haqda The Guardian xabar bermoqda.

Zahro Qanbariy o‘z qarorini o‘zgartirib, Malayziyadagi jamoadoshlariga qo‘shilgan. Dastlab Avstraliya hukumati jamoaning yetti nafar a’zosiga, shu jumladan, bitta xodimga boshpana berishga qaror qilgan edi.

Ichki ishlar vaziri Toni Berk yakshanba kuni bergan bayonotida uch nafar futbolchi Eronga qaytishga qaror qilganidan so‘ng, ularga o‘z imkoniyatlarini muhokama qilish uchun bir necha bor imkoniyat berilganini ta’kidladi.

«Avstraliya hukumati imkoniyatlarni taqdim eta oladi, ammo biz futbolchilarning ushbu o‘ta qiyin qarorlarni qabul qilish jarayonidagi bosimlarni bartaraf eta olmaymiz», – dedi u.

Sobiq futbolchi va inson huquqlari faoli Shiva Aminiyning ta’kidlashicha, Eron islom inqilobi korpusi Avstraliyada qolishni istagan futbolchilarning oilalariga bosim o‘tkazgan. Jumladan, Zahro Qanbariyning oilasi nishonga olingani iddao qilinmoqda. Biroq Avstraliya hukumati manbalariga ko‘ra, bu da’vo o‘rganib chiqilgan va tasdiqlanmagan.

Avstraliyadagi Eron diasporasi vakilining bildirishicha, jamoa xodimlari Eron hukumatidan kelgan xabarlarni futbolchilarga yetkazib turgan.

«Ularning oilalariga tahdid qilingani va hatto qaytishga ko‘ndirish uchun oila a’zolarining ovozli xabarlari eshittirilgani aytilmoqda», – dedi manba.

Ma’lumot uchun, jamoa a’zolari birinchi o‘yin oldidan milliy madhiyani kuylashdan bosh tortgani uchun Eron davlat matbuotida «urush davridagi xoinlar» deb atalgan va ularning xavfsizligi xavf ostida qolishi mumkinligi haqida xavotirlar bildirilgan edi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan madhiyani kuylashdan bosh tortgan eronlik ayol futbolchilarga Avstraliya vizasi berilgani haqida xabar berilgan edi.

Shuningdek