2026-yilda yangi patentlar bo‘yicha aniq reja ishlab chiqiladi

2026-yilda yangi patentlar bo‘yicha aniq reja ishlab chiqiladi. Shavkat Mirziyoyev Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida tashkil etilgan Raqamlashtirilgan boshqaruv markazi faoliyati bilan tanishdi.
Mazkur markaz kombinatdagi 1-, 2- va 3-mis boyitish fabrikalarida ishlab chiqarish jarayonlarini boshqarish va nazorat qilishda muhim rol o‘ynaydi. Bu yerda zamonaviy raqamli tizimlar orqali maydalash, flotatsiya, filtrlash, suv ta’minoti va transport jarayonlari real vaqt rejimida kuzatiladi.
Markazda «Siemens PCS 7» va «AVEVA PI Vision» platformalari qo‘llaniladi. Yigirma mingdan ortiq uskuna yagona axborot tizimiga ulangan. «Aqlli» kameralar va sun’iy intellekt yordamida jarayonlar nazorat qilinadi va muammolar avtomatik aniqlanadi.

Prezident sun’iy intellekt texnologiyalari tog‘-kon va metallurgiya sohalarida samaradorlikni oshirish uchun katta imkoniyat berishini ta’kidladi. Shu bilan birga, suv resurslaridan tejamkor foydalanish uchun zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, kombinatda ishlab chiqarish jarayonlarini yanada raqamlashtirish rejalari ham taqdim etildi. Kondan ruda qazib olishdan tortib tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan bosqichlar bosqichma-bosqich raqamlashtirilmoqda. Kelgusi besh yilda bu jarayonlarga sun’iy intellekt yechimlarini keng joriy etish rejalashtirilgan.
Jumladan, «Raqamli kon» tizimi kunlik, haftalik va oylik qazish ishlarining aniq yoʻnalishlarini belgilash imkonini bermoqda.
Shuningdek, sun’iy intellekt yordamida karyer yo‘llari holati va samosval shinalarining bosimi ham nazorat qilinmoqda. Doimiy monitoring natijasida shinalarning xizmat muddati 14 foizga uzaygani aytildi.
Yig‘ilishda mutaxassislarni zamonaviy texnologiyalar asosida tayyorlash masalasiga ham e’tibor qaratildi. Patent ishlarini kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Prezident 2026-yilda qaysi istiqbolli yo‘nalishlarda yana qancha yangi patent olish mumkinligi bo‘yicha aniq reja ishlab chiqish vazifasini qo‘ydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Olmaliq kombinati mis ishlab chiqarish bo‘yicha dunyodagi uchta eng yirik kompleksdan biriga aylangani haqida xabar berilgandi.