O‘zbekiston banklari 2026-yilni qanday boshladi

Jozibador foiz stavkalari saqlanib qolayotgan bir paytda O‘zbekiston bank sektori yanvar oyida barqarorlikni namoyish etdi. Markaziy bank e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yilning birinchi oyida aktivlar 3,1 trln so‘mga (+0,33%) oshgan. Kredit portfeli 6,4 trln so‘mga (+1,06%), depozitlar 2,8 trln so‘mga (+0,7%) ko‘paygan, umumiy sof foyda esa yiliga nisbatan 33,8% ga oshgan. Bu natijalarga nima sabab bo‘lgani va asosiy o‘yinchilar pozitsiyasi qanday o‘zgargani haqida Kursiv Uzbekistan maqolasida o‘qing.
Mundarija:
- Bank tizimining poydevori
- Qarz bozori: yetakchilar faolligi va portfellar korreksiyasi
- Aktivlar sifati: NPL qayerda o‘sdi?
- Kapital barqarorlik poydevori
- Depozitlar dinamikasi: likvidlikning qayta taqsimlanishi
- Daromad va foyda: o‘sish drayverlari
Bank tizimining poydevori
Yanvar oyi resurs bazasining mo‘tadil o‘sish davri bo‘ldi. O‘zbekiston banklarining jami aktivlari bir oy ichida 3,1 trln so‘mga (+0,33%) ko‘paydi. Ushbu dinamikaga asosiy hissani bozorning 63% qismini nazorat qilayotgan davlat banklari qo‘shdi (o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 65% edi).
Aktivlar hajmi bo‘yicha «O‘zmilliybank» mutlaq yetakchi bo‘lib qolmoqda (142,9 trln so‘m), garchi bir oy ichida uning aktivlari 1,8 trln so‘mga (-1,27%) biroz kamaygan bo‘lsa-da. Shu bilan birga, SQB tizimda eng yuqori mutlaq o‘sishni ko‘rsatdi — aktivlarini 2,69 trln so‘mga (+2,62%) oshirdi. Shuningdek, o‘sish bo‘yicha kuchli beshlikka Octobank (+1,6 trln), «Hamkorbank» (+1,57 trln) va «Agrobank» (+1,09 trln) kirdi.
Ba’zi xususiy va chet el banklari uchun yilning boshlanishi aktivlarning kamayishi bilan kuzatildi. Eng katta pasayish qayd etilgan uchlikka «Kapitalbank» (-918,6 mlrd), «Ipoteka-bank» (-637,1 mlrd) va Orient Finans Bank (-440,6 mlrd) kirdi.
Qarz bozori: yetakchilar faolligi va portfellar korreksiyasi
Kreditlar aktivlarning asosiy qismi bo‘lib qolmoqda va ularning tarkibida qariyb 65% ni egallaydi. Yanvarda tizimning kredit portfeli 6,4 trln so‘mga (+1,06%) o‘sib, 610,4 trln so‘mga yetdi. Kreditlash hajmining kengayishiga davlat gigantlari asosiy hissa qo‘shdi: «O‘zmilliybank» portfelini 1,43 trln so‘mga (+1,36%), Agrobank esa 1,11 trln so‘mga (+1,37%) oshirdi.
Xususiy sektorda «Kapitalbank» barqaror kengayishni davom ettirib, summani 557,4 mlrd so‘mga (+1,54%) ko‘paytirdi. Shunisi e’tiborliki, «Hamkorbank» bir oyda 776,9 mlrd so‘mga (+3,24%), «Aloqabank» esa birdaniga 871,5 mlrd so‘mga (+4,63%) o‘sib, mutlaq sur’atlar bo‘yicha ko‘plab yirik ishtirokchilarni ortda qoldirdi.
Korreksiyalar ham kuzatildi. TBC yanvarda o‘z kredit portfelini 709,1 mlrd so‘mga (-6,85%) qisqartirdi. Shuningdek, «Asakabank» (-266 mlrd) va «Ipoteka-bank» (-119 mlrd)da ham hajmlarning kamayishi qayd etildi. Raqamli banklar orasida foiz hisobida eng yuqori o‘sishni Open bank (+24,4%) va AVO bank (+8,8%) ko‘rsatdi. Yangi Bank likvidatsiya qilinishi munosabati bilan statistikadan butunlay g‘oyib bo‘ldi.
Aktivlar sifati: NPL qayerda o‘sdi?
Portfel bilan bir qatorda yanvarda muammoli kreditlar (NPL) hajmi ham o‘sdi. Tizim bo‘yicha jami qaytarilmayotgan qarzlar summasi 18,05 trln so‘mdan 19,36 trln so‘mga (+7,2%) yetdi.
Mutlaq ko‘rsatkichda eng yomon dinamikani SQB ko‘rsatdi – uning NPL hajmi 379,3 mlrd so‘mga oshdi. Ushbu bankda muammoli kreditlar ulushi 2,53% dan 3,09% gacha ko‘tarildi, bu bozorning o‘rtacha ko‘rsatkichiga (3,2%) yaqindir. Sifatning keskin yomonlashishi «Poytaxt bank»da kuzatildi, u yerda NPL ulushi 9,38 foiz bandiga sakrab, 33,79% ni tashkil etdi. Shuningdek, Garant bankda ham portfel sifatining yomonlashishi qayd etildi – «yomon» qarzlar ulushi ikki baravar oshib, 9,85% ga yetdi.
Boshqa tomondan, AVO bank o‘z balansini sezilarli darajada tozalashga muvaffaq bo‘ldi: NPL hajmi 13,3 mlrd so‘mga kamaydi, uning ulushi esa 8,17% dan 6,14% gacha tushdi. NPL ko‘rsatkichini nol darajasida saqlashni Octobank, KDB bank va Uzum davom ettirmoqda.
Kapital — barqarorlik poydevori
Bank tizimining jami kapitali yanvar oyida 1,5 trln so‘mga (+1,14%) o‘sib, 136,9 trln so‘mni tashkil etdi. Yetakchi – 20,1 trln so‘m kapital bilan «O‘zmilliybank».
Kapitalning eng yuqori nisbiy o‘sishini «Poytaxt bank» (+138,3%) ko‘rsatdi. Uning kapitali 175,5 mlrd so‘mdan 418,2 mlrd so‘mga yetdi. Eslatib o‘tamiz, 2025-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekistonda bank kapitaliga qo‘yiladigan minimal talab 500 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Depozitlar dinamikasi: likvidlikning qayta taqsimlanishi
Yanvarda depozitlar bilan bog‘liq vaziyat turlicha kechdi. Tizimning umumiy o‘sishi 2,76 trln so‘m (+0,66%) bo‘lishiga qaramay, yirik banklarda korreksiya kuzatildi. O‘zmilliybankda pasayish 518,5 mlrd so‘m (-1,03%), «Kapitalbank»da esa 621,7 mlrd so‘m (-1,40%) bo‘ldi.
Yanvarda depozitlarning asosiy oqimini Octobank ta’minladi, uning portfeli 1,54 trln so‘mga (+14,2%) o‘sdi. Shuningdek, mablag‘ jalb qilish bo‘yicha Xalq banki (+1,25 trln) va SQB (+1,17 trln) yetakchilar qatorida bo‘ldi. Kichik ishtirokchilar orasida Uzum yuqori faollik ko‘rsatib, depozit portfelini 27,7% ga, Ziraat Bank esa 20% dan ko‘proqqa oshirdi. Davr bank esa, aksincha, yirik xususiy banklar orasida eng katta chiqib ketishni ko‘rsatdi — minus 11,25% (-558 mlrd so‘m).
Daromad va foyda: o‘sish drayverlari
2026-yil boshida sektorning daromadliligi barqaror o‘sishni namoyish etmoqda. Tizimning yanvar oyi yakunlari bo‘yicha soliqlar to‘langandan keyingi sof foydasi 1,56 trln so‘mni tashkil etdi, bu 2025-yil yanvariga (1,16 trln so‘m) nisbatan 33,8% ga yuqoridir.
Bunga foizsiz daromadlarning (komissiyalar va xizmatlar) keskin sakrashi sabab bo‘ldi, ular 8,37 trln so‘mga yetdi (+31%). Foizli daromadlar ham 11,66 trln so‘mgacha (+17,4%) oshdi. Biroq omonatlar bo‘yicha foizlarni to‘lash xarajatlari tezroq o‘smoqda – ular 8,41 trln so‘mga (+21,4%) yetdi. Natijada, tizimning sof foiz marjasi 3,24 trln so‘mga (+8,16%) o‘sdi. Sektorning yuqori samaradorligi muammoli kreditlar bo‘yicha rezervlarga ajratmalar o‘sishiga qaramay (yanvarda 3,8 trln so‘m, +1,6%) saqlanib qolmoqda.
Aktivlar rentabelligi (ROA) 2,2% dan 2,3% ga, kapital rentabelligi (ROE) esa 12,1% dan 13,8% ga ko‘tarildi.
Ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklarining 2026-yil 1-yanvar va 1-fevral holatidagi hisobotlariga asoslangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2025-yil yakunlari bo‘yicha jismoniy shaxslarning depozit portfeli darajasi bo‘yicha O‘zbekiston banklari reytingini e’lon qilgan edi.