Bojxona nazorati jarayonlari uchun yangi hujjat shakllari tasdiqlandi

eʼlon qilindi
Hujjatlar organning axborot tizimi orqali elektron ko‘rinishda shakllantiriladi
Bojxona nazorati jarayonlari uchun yangi hujjat shakllari tasdiqlandi / Foto: News.ru

O‘zbekiston Respublikasi bojxona nazorati jarayonlarini rasmiylashtirish uchun yangi hujjat shakllari tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Vazirlik «Bojxona ishida qo‘llaniladigan ayrim hujjatlar va hisob-kitob shakllarini tasdiqlashga oid» qarorga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qarorni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.

Unga ko‘ra, mahsulotlarni bojxona ko‘rigidan o‘tkazish, omborga tushirish hamda bojxona nazorati va tovarlar harakatini hisobga olish jarayonlarini aniq va shaffof hujjatlashtirish maqsadida yangi bojxona hujjat shakllari joriy etildi.

Tasdiqlangan hujjatlar qatoriga quyidagilar kiradi:

  • Tovar va transport vositalarini tekshirish natijalarini rasmiylashtirish uchun bojxona ko‘rigi dalolatnomasi;
  • Jismoniy shaxslarning qo‘l yuklari va bagajlarini tekshirish bo‘yicha alohida bojxona ko‘rigi dalolatnomasi;
  • Deklarant tomonidan tovarlarni bojxona rasmiylashtiruvidan oldin ko‘zdan kechirish yoki o‘lchash uchun elektron murojaatnoma;
  • Yuklarni bojxona omboriga bojxona organi xodimi ishtirokida yoki ishtirokisiz tushirish bo‘yicha maxsus dalolatnomalar shakllari.

Mazkur hujjatlar bojxona organlarining axborot tizimi orqali elektron ko‘rinishda shakllantiriladi va rasmiylashtiriladi.

Shuningdek, endilikda avtomobil transportida yuklarni xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashish faoliyati uchun litsenziyaga ega bo‘lgan bojxona tashuvchilarning Davlat bojxona qo‘mitasiga bojxona tashuvchilari reestriga kirish uchun murojaat qilish va ariza shakli bekor qilindi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi mobil ilova orqali elektron tarzda topshirilishi haqida yozgan edik.

Shuningdek