Yangi Xiaomi 18 Pro qanday imkoniyatlarga ega bo‘ladi

Xitoyning Xiaomi kompaniyasi tez orada taqdim etishi kutilayotgan Xiaomi 18 Pro smartfonining texnik xususiyatlari tarmoqqa sizdirildi. Qurilma 6,3 dyuymli ekran va kattaroq sig‘imli batareya bilan jihozlanishi rejalashtirilgan.
Tarqatilgan ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu flagman ikkita 200 megapikselli kamera, jumladan, asosiy va periskop teleobyektiv bilan jihozlanadi. Bu oldingi Xiaomi 17 Pro modelidagi 50 megapikselli kameralarga nisbatan sezilarli o‘zgarish hisoblanadi. Shuningdek, yangi modelda batareya sig‘imi 6300 mA/soatdan 7000 mA/soatgacha oshirilishi hamda simsiz quvvatlash funksiyasi qo‘llab-quvvatlanishi aytilmoqda.

Qurilma prototipida IP68 hamda IP69 standartlari bo‘yicha suv va changdan himoya, shuningdek, ekranga o‘rnatilgan 3D ultratovushli barmoq izi skaneri mavjudligi ta’kidlangan. Yana bir e’tiborli jihati, smartfonning orqa panelida kameralar qatorida qo‘shimcha displey saqlanib qolishi ehtimoli bor.

Xiaomi 18 Pro seriyasi Qualcomm kompaniyasining yangi avlod Snapdragon 8 Elite Gen 6 protsessorida ishlashi taxmin qilinmoqda. Smartfonlar qatorining Xitoydagi taqdimoti kelgusi yilning sentabr oyida bo‘lib o‘tishi, Ultra versiyasi esa keyinroq sotuvga chiqishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xiaomi 17 seriyasi uchun yangi dasturiy ta’minot yangilanishi taqdim etilganni haqida xabar bergan edi.