O‘zbekiston milliy tabiiy meros obyektlari maqomi rasmiy belgilandi

O‘zbekiston hukumati mamlakatning milliy tabiiy meros obyektlari maqomini belgilovchi nizomni tasdiqladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Hukumat qarori bilan «O‘zbekiston milliy tabiiy meros obyektlari to‘g‘risida»gi nizom amaliyotga kiritildi. Mazkur nizom milliy tabiiy meros obyektlarining maqomi, turlari, ro‘yxatga kiritish tartibi hamda ularning hududlarida qurilish ishlari olib borish qoidalarini belgilaydi.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ushbu sohada vakolatli organ sifatida faoliyat yuritadi. Nizomga muvofiq, O‘zbekiston milliy tabiiy meros obyektlari to‘rt turga bo‘linadi, ya’ni biologik, geologik, gidrologik va paleontologik.
Tabiiy obyektni milliy tabiiy meros ro‘yxatiga kiritish bo‘yicha takliflar vakolatli organning hududiy bo‘linmasiga taqdim etiladi. Taklifga obyekt haqidagi ma’lumotnoma, uning geolokatsiyasi hamda foto va video tasvirlar ilova qilinadi.
Hududiy bo‘linma taklifni 15 ish kuni ichida ko‘rib chiqib, obyektning belgilangan talabga javob berishini joyida o‘rganadi va natijasi bo‘yicha dalolatnoma tuzadi. Keyinchalik vakolatli organ hujjatlarni 5 ish kuni ichida ko‘rib chiqib, obyektni o‘z qarori bilan milliy tabiiy meros ro‘yxatiga kiritadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq qo‘biz yasash va ijro etish san’ati YUNESKO ro‘yxatiga kiritilgani haqida yozgan edik.