Qashqadaryoda Muborak innovatsion sanoat zonasi tashkil etiladi

Qashqadaryo viloyatida ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishni jadallashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Qarorga ko‘ra, Muborak tumanidagi «Konchilar» MFY hududida 200 gektar yer maydonida Muborak innovatsion sanoat zonasi maxsus iqtisodiy zonasi tashkil etiladi.
Chiroqchi tumanidagi «Sohil bo‘yi» majmuasini rivojlantirish va boshqarish bilan bog‘liq vazifa va funksiyalar Qashqadaryo viloyati hokimligi huzuridagi Turizm infratuzilmasini rivojlantirish va boshqarish departamentiga yuklatildi.
Shahrisabz tumanida «Quva agrostari», Qamashi tumanida «Yangiyul agrostari», Ko‘kdala tumanida «Mirzachol agrostari», G‘uzor tumanida «Navoi agrostari» MChJlarning loyiha ofislari tashkil qilinadi.
Viloyatda jami 15 ming gektar, shundan 2026-yilda 5,2 ming gektar yer maydonida chorva uchun ozuqa yetishtiriladi.
2026-yilda maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi 80% dan past bo‘lgan 12 tumanda 350 ta nodavlat oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlari ochiladi. Shuningdek, 120 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari 1 yillik maktabga tayyorlov guruhlarini zarur jihozlar bilan ta’minlaydi.
Qarorga muvofiq, Germaniya bilan hamkorlikda 2026-yildan yoshlarga nemis tilini o‘rgatish va kasbga tayyorlash orqali ularni tashkil etilgan mehnat migratsiyasi dasturi doirasida Yevropa davlatlariga yuborish ham rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryoda 1,7 mlrd dollarlik 195 ta sanoat loyihasi ishga tushirilishi haqida xabar qilgan edik.