
2026-yil boshidan buyon eng ko‘p muammo kuzatilgan avtomobil brendlari ma’lum qilindi. Reytingda eng past natijani Volkswagen qayd etdi. Bu haqda J.D. Power tomonidan o‘tkazilgan so‘nggi tadqiqotlar e’lon qilindi.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, ushbu brend avtomobillarida har 100 ta mashinaga o‘rtacha 301 ta nosozlik to‘g‘ri kelgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan yomonlashgan (285 ta muammo). Keyingi o‘rinlarda Volvo (296), Land Rover (274), Jeep (267) va Audi (244) joy olgan.
Mutaxassislar qayd etishicha, muammolarning asosiy qismi texnik qismlardan emas, balki multimedia tizimlaridan kelib chiqmoqda. Ayniqsa Apple CarPlay va Android Auto bilan bog‘liq nosozliklar, Bluetooth uzilishlari, simsiz zaryadlash va mobil ilovalardagi xatoliklar haydovchilarni ko‘proq bezovta qilmoqda.
Umuman olganda, avtomobil sanoatida ishonchlilik darajasi pasaygan: o‘rtacha ko‘rsatkich 100 ta mashinaga 204 ta muammoni tashkil etgan.
Shu bilan birga, eng ishonchli brendlar ham e’lon qilindi. Lexus ketma-ket to‘rtinchi yil yetakchilikni saqlab qolib, 100 ta avtomobilga atigi 151 ta muammo bilan birinchi o‘rinni egalladi. Undan keyingi o‘rinlarda Buick va Mini qayd etildi. Kuchli beshlikni Cadillac hamda Chevrolet yakunlab berdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2026-yilning eng ishonchli avtomobil brendlari e’lon qilingani haqida yozgandi.