FIFA JCh o‘yinlarining dastlabki 10 daqiqasini YouTube’da namoyish etadi

eʼlon qilindi
Kelishuv 2026-yilgi turnirga yosh tomoshabinlarni jalb qilishga qaratilgan
Foto: X.com / FIFA Media

FIFA va YouTube 2026-yilgi Jahon chempionati doirasida raqamli auditoriyaga mo‘ljallangan yangi hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. Unga ko‘ra, rasmiy translyatsiya huquqiga ega kompaniyalar jami 104 ta o‘yinning dastlabki 10 daqiqasini YouTube orqali jonli namoyish etishi mumkin bo‘ladi.

2026-yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati 11-iyundan 19-iyulgacha davom etadi. Dastlabki 10 daqiqalik bepul efir yosh avlod vakillarini jalb etish hamda ularni o‘yinning qolgan qismini ko‘rish uchun an’anaviy telekanallar yoki pullik ilovalarga yo‘naltirish maqsadida ishlab chiqilgan. Shuningdek, kelishuv doirasida teleradiokompaniyalar ayrim o‘yinlarni o‘z YouTube kanallarida to‘liq namoyish etish huquqiga ega bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Tomoshabinlar uchun yana bir yangilik – FIFA Jahon chempionatlari tarixiga oid arxiv o‘yinlar va eng muhim lahzalar to‘liq formatda platformaga yuklanadi. Turnir davomida mustaqil raqamli ijodkorlar stadionlar hamda mashg‘ulot maydonlariga kirish uchun maxsus ruxsatnomalar oladi.

Mazkur qadam 48 ta jamoa ishtirokidagi ilk Jahon chempionatini yoritish va an’anaviy kabel televideniyesi obunalari kamayib borayotgan hududlarda qamrovni oshirishga xizmat qiladi. Shartnomaning moliyaviy tafsilotlari hozircha ochiqlanmagan.

Avvalroqq Kursiv Uzbekistan Eron JCh o‘yinlari joyini ko‘chirish bo‘yicha FIFA bilan muzokara olib borayotgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek