Samarqandda Yoshlar kreativ shaharchasi va «TELC» xalqaro imtihon markazi ish boshladi

Shavkat Mirziyoyev 18-mart kuni Samarqand shahriga tashrif buyurib, shahardagi Yoshlar kreativ parki faoliyatini ko‘zdan kechirdi va infratuzilmaviy loyihalar bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
So‘nggi yillarda Samarqand shahri hududi kengayib, yangi turarjoylar va ijtimoiy obyektlar barpo etilgani, aholi soni oshgani natijasida yashil maydonlarni kengaytirish, zamonaviy dam olish maskanlarini yaratishga ehtiyoj ortib borayotgani ta’kidlandi.
Prezident tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida viloyatda har yili 16 mln tupdan ortiq daraxt ko‘chatlari ekilmoqda. Joriy yil bahorgi mavsumda esa 6,3 mln tup mevali va manzarali daraxt hamda buta ko‘chatlarini o‘tqazish rejalashtirilgan bo‘lib, hozirda bu jarayon barcha hududlarda davom etmoqda.

Samarqand shahridagi O‘zbekiston ko‘chasida joylashgan sobiq harbiy gospital o‘rnidagi 5,4 gektar maydonda 70 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ hisobidan Yoshlar kreativ shaharchasi va jamoat bog‘i barpo etildi. Hududdagi 5 ta bino zamonaviy kutubxona, o‘quv markazi, kreativ to‘garaklar, sun’iy intellekt, 3D modellashtirish, robototexnika va kibersport yo‘nalishlariga moslashtirildi.
Mazkur maskan yoshlar uchun ta’lim, texnologiya, sport va startap loyihalarni rivojlantirishga xizmat qiladi. Bu yerda shaxmat federatsiyasi faoliyati uchun ham sharoit yaratilgan. Bog‘da bolalar attraksionlari, fitness zallari, stol tennis zali, tennis kortlari, vorkaut va mini golf maydonlari barpo etilgan. Shuningdek, nuroniylar maskani va o‘ndan ortiq ayvonchalar qurilgan.

Tashrif davomida rezident «Profi deutsch» nemis tilini o‘qitish va imtihon markazi faoliyati bilan ham tanishdi. Ushbu loyiha doirasida TELC imtihon markazi Markaziy Osiyoda ilk bor aynan Samarqandda ish boshlayotgani qayd etildi. Markazda yoshlar nemis tilini o‘rganib, xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi, keyinchalik Germaniyada dual kasbiy ta’lim asosida o‘qishini davom ettirishi va bandligi ta’minlanishi ko‘zda tutilgan. Joriy yilda bunday markazlarni mamlakatning yana beshta hududida ochish rejalashtirilgan.
Davlat rahbariga «Muhammad al-Xorazmiy vorislari» loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi. Ushbu loyiha asosida 8 – 11-sinf o‘quvchilariga raqamli texnologiyalar va xorijiy tillar chuqur o‘rgatiladi hamda o‘quvni muvaffaqiyatli yakunlaganlarga maxsus sertifikat beriladi.

Shuningdek, «Aloqa bank» va Milliy bank konsultativ markazlari tomonidan tadbirkorlik faoliyatini boshlayotgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, imtiyozli kreditlar ajratish hamda startap loyihalarni rivojlantirish borasidagi ishlar, Yoshlar ishlari agentligining «Ibrat farzandlari», «Mutolaa» va «Qizlar akademiyasi» loyihalari taqdim etildi.
Prezident yoshlar bilan muloqot qilib, ularning g‘oya va tashabbuslari bilan tanishdi. Jumladan, Zamin xalqaro jamoat fondi tomonidan amalga oshirilayotgan «Eco-schools Uzbekistan» loyihasida qatnashayotgan yosh ekofaollar 2026-yilga mo‘ljallangan rejalarini taqdim etdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev Samarqand shahrida jamoat transporti infratuzilmasini rivojlantirish doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishgan edi.