Samarqanddagi mahallalar infratuzilmasi uchun 150 million dollar ajratildi

Samarqand viloyatidagi mahallalar infratuzilmasini yaxshilash maqsadida jami $150 mln mablag‘ ajratildi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev Narpay tumanida bo‘lib o‘tayotgan Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilishda ma’lum qildi.
Prezident hududlarda amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘rib chiqib, mamlakatimiz kuch-qudratini oshirish va har bir oila hamda fuqaroning hayot sifatini yaxshilash yo‘lida belgilangan marralarga erishish zarurligini ta’kidladi.
«Ayni paytda shuni yaxshi anglashimiz kerak, endi kechagi harakat bugunga, bugungisi esa ertangi kun talabiga kamlik qiladi. Shu bois belgilab olgan marralarga erishish uchun yanada samarali harakat qilishimiz zarur», – dedi davlat rahbari.
Samarqand viloyatida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha namunaviy natijalarga erishish zarurligi qayd etildi. Xususan, viloyat mahallalarida infratuzilmani yaxshilash uchun $100 mln, Urgut tumaniga esa qo‘shimcha $50 mln ajratildi. Umumiy hisobda viloyatga barcha manbalar hisobidan 11 trln so‘m yo‘naltirilmoqda. Shu bilan birga, tadbirkorlar uchun qo‘shimcha 18 trln so‘m kredit resursi ajratildi.

Hududlarda ushbu mablag‘lar ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirish, viloyat iqtisodiyotini rivojlantirishga xizmat qiladi. O‘tgan yil sun’iy intellekt infratuzilmasini rivojlantirishga $100 mln, startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga yana $100 mln ajratilgan. Bu resurslar hududlarni tahlil qilish va eng samarali yechimlarni topishga imkon yaratadi.
Shuningdek, tumanlarning sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi ko‘rsatkichlari, yer resurslari, mehnat va aholi biznes ko‘nikmalari sun’iy intellekt yordamida tahlil qilinadi. Ushbu tahlillar asosida tuman hokimlari mahallalarning imkoniyatlarini hisobga olib, resurslarni eng ko‘p ish o‘rni yaratadigan va budjet daromadlarini oshiradigan loyihalarga yo‘naltiradi.
Yangi tizim 1-mayga qadar Narpay va Termiz tumanlarida ishga tushiriladi va butun respublika uchun namuna sifatida tatbiq etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqandda Yoshlar kreativ shaharchasi va «TELC» xalqaro imtihon markazi ish boshlagani haqida yozgan edik.