1525 km yurish masofasiga ega Geely Boyue krossoveri taqdim etildi

19-mart 2026 07:27 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Foto: Autohome

Geely yangi avlod kupe-krossoveri – Geely Boyue REV modelini rasman e’lon qildi. Xitoyda ushbu model 22-martdan oldindan buyurtmaga qo‘yiladi. Ayrim bozorlarda u Geely Atlas nomi bilan tanilgan. Bu haqda Autohome nashri xabar berdi.

Yangi avtomobil to‘liq yangilangan platformada yaratilgan bo‘lib, o‘lchamlari ham sezilarli: uzunligi 4680 mm, g‘ildirak bazasi esa 2778 mm. Shu jihatdan u ilgari mashhur bo‘lgan Geely Tugelladan biroz kattaroq.

Foto: Autohome

Salon dizayni zamonaviy krossoverlarga xos bo‘lib, u Geely EX5 interyeriga yaqin. Ichkarida katta ekranli multimedia tizimi, simsiz quvvatlash paneli va Flyme Sound audio tizimi o‘rnatilgan. O‘rindiqlar dekorativ tikuvlar bilan bezatilgan.

Foto: Autohome

Modelning asosiy jihati – uning gibrid tizimi. U 1,5 litrli benzin dvigateli asosida ishlaydi va elektromotor bilan birga harakatlanadi. To‘liq yurish zaxirasi 1525 km.ni tashkil etadi, shundan 375 km.ni faqat elektr energiyasida bosib o‘tish mumkin.

Foto: Autohome

Avtomobil tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi: batareya zaryadi 30 foizdan 80 foizgacha atigi 15 daqiqada to‘ldiriladi. Batareya bo‘sh holatda yoqilg‘i sarfi WLTC sikli bo‘yicha 4,95 l/100 km.ni tashkil etadi.

Shuningdek, avtomobil tashqi qurilmalarni quvvatlantirish imkoniyatiga ega bo‘lib, maksimal chiqish quvvati 6 kVtga yetadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Geely yangi Galaxy Starshine 7 modelini qariyb Cobalt narxida chiqargani haqida yozgandi.

Shuningdek