Attestatsiyadan o‘ta olmagan pedagoglarni ishdan bo‘shatish mumkin emas — vazirlik

eʼlon qilindi
Pedagoglarga bunday talab qo‘yishi amaldagi qonunchilikka zid hisoblanadi
Foto: Getty Images

Ijtimoiy tarmoqlarda navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘ta olmagan o‘qituvchilarni ishdan bo‘shatish haqida tarqalgan xabarlar asossiz ekani ma’lum qilindi. Bu haqda Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi ma’lum qildi.

Rasmiy munosabatda ta’kidlanishicha, maktab rahbariyati yoki boshqa mansabdor shaxslarning pedagoglarga bunday talab qo‘yishi amaldagi qonunchilikka zid hisoblanadi. Amaldagi tartibga ko‘ra, navbatdan tashqari attestatsiyada yetarli ball to‘play olmagan o‘qituvchilarning malaka toifasi saqlanib qoladi va ular o‘z toifasi bo‘yicha ish haqi olishda davom etadi.

Shuningdek, bunday holatda pedagog bilan mehnat shartnomasini bekor qilish uchun huquqiy asos mavjud emas.

Faqat ayrim hollarda, ya’ni oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan va mutaxassis lavozimida ishlayotgan pedagoglar majburiy attestatsiyadan o‘ta olmagan taqdirda, ularning malakasi yetarli emasligi sababli mehnat shartnomasi bekor qilinishi mumkin. Bunda ham xodimga qayta attestatsiyada ishtirok etish uchun imkoniyat beriladi.

Mas’ullar yana bir bor eslatishicha, boshqa barcha holatlarda attestatsiya natijalari sababli o‘qituvchini ishdan bo‘shatish qonunga xilof hisoblanadi.

Pedagoglarga nisbatan noqonuniy talablar qo‘yilgan taqdirda vakolatli organlarning ishonch telefonlari yoki maxsus platformalar orqali murojaat qilish tavsiya etiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan bugun barcha xodimlar ishni 1 soat oldin yakunlashi haqida yozgandi.

Shuningdek