Qamchibek Tashiyev ikkita jinoyat ishi bo‘yicha so‘roq qilinmoqda

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining (MXDQ) sobiq raisi Qamchibek Tashiyev Ichki ishlar vazirligi tergov xizmatida so‘roq qilinmoqda. U tergov jarayonlariga ikkita jinoyat ishi doirasida guvoh sifatida jalb qilingan.
Tashiyev tergovchi huzuriga advokati bilan birga kirgan. Hozircha ishning boshqa tafsilotlari ochiqlanmagan va rasmiy organlar tomonidan bayonot berilmagan.
Avvalroq Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Kabar axborot agentligiga bergan intervyusida sobiq rahbarning lavozimidan ozod etilishi sabablarini tushuntirgan edi. Davlat rahbarining ta’kidlashicha, bu qaror mamlakatda parchalanishning oldini olish va o‘zaro do‘stlikni saqlab qolish maqsadida qabul qilingan.
Japarovning qayd etishicha, parlamentda va jamoatchilik orasida bo‘linish belgilari paydo bo‘la boshlagan. Ayrim guruhlar odamlarni «generalning tomoni» va «prezidentning tomoni»ga ajratishga uringan, hatto ko‘chalarda muddatidan oldin saylovlar o‘tkazish uchun imzo to‘plash holatlari kuzatilgan.
Eslatib o‘tamiz, Qamchibek Tashiyev o‘rniga Jumgalbek Shabdanbekov nomzodi ma’qullangani haqida xabar berilgan edi.