Chorvoqqa qatnaydigan avtobus, Ramazon shukuhi, respublikada o‘rtacha oylik ish haqi — 19-mart kuni e’lon qilingan yangiliklar

Kursiv Uzbekistan 19-mart kuni e’lon qilingan va respublikada yuz bergan yangiliklarni bir joyga jamladi.
Afg‘onistonda Ramazon hayiti 19-martga belgilandi
Afg‘onistonda Ramazon hayiti bugun, 19-mart kuni nishonlanishi rasman e’lon qilindi. Tegishli qaror 18-mart kuni mamlakat Oliy sudi tomonidan qabul qilingan.
Ma’lum qilinishicha, hayit sanasi Hilmand, Farah va G‘or viloyatlarida yangi oy ko‘ringani haqidagi kuzatuvlarga asoslangan holda belgilangan. Shu asosda diniy me’yorlarga muvofiq hayit kuni aniqlangan.
Sun’iy yo‘ldoshlarning 70 foizi harbiy budjetdan moliyalashtiriladi — O‘zbekkosmos
Sun’iy yo‘ldosh loyihalarining asosiy qismi harbiy yo‘nalish orqali moliyalashtiriladi. Bu haqda «O‘zbekkosmos» agentligi direktorining o‘rinbosari Muxiddin Ibragimov agentlik hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ishtirokida o‘tkazilgan davra suhbatida ma’lum qildi, deya xabar berdi «Kursiv» muxbiri.
Agentlik vakiliga ko‘ra, bunday loyihalarning o‘rtacha 70 foizi aynan harbiy budjet hisobidan qoplanadi. Shuningdek, tayyor sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlaridan foydalanish tinch sharoitda ancha arzon.
Attestatsiyadan o‘ta olmagan pedagoglarni ishdan bo‘shatish mumkin emas — vazirlik
Ijtimoiy tarmoqlarda navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘ta olmagan o‘qituvchilarni ishdan bo‘shatish haqida tarqalgan xabarlar asossiz ekani ma’lum qilindi. Bu haqda Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi ma’lum qildi.
Rasmiy munosabatda ta’kidlanishicha, maktab rahbariyati yoki boshqa mansabdor shaxslarning pedagoglarga bunday talab qo‘yishi amaldagi qonunchilikka zid hisoblanadi. Amaldagi tartibga ko‘ra, navbatdan tashqari attestatsiyada yetarli ball to‘play olmagan o‘qituvchilarning malaka toifasi saqlanib qoladi va ular o‘z toifasi bo‘yicha ish haqi olishda davom etadi.
23-martdan Toshkentdan Chorvoqqa avtobus qatnovi qayta yo‘lga qo‘yiladi
23-martdan boshlab Toshkent — Chorbog‘ yo‘nalishida avtobus qatnovi yana ishga tushiriladi. Bu haqda «Toshshahartransxizmat» AJ xabar berdi.
Unga ko‘ra, avtobus «Mashinasozlar» metrosidan Humson qo‘rg‘onigacha harakatlanadi.
Yo‘nalishga zamonaviy MAN RR3 rusumli turistik avtobuslar biriktiriladi. Ular 47 o‘rinli bo‘lib, konditsioner va qulay o‘rindiqlar bilan jihozlangan. Yo‘l haqi 25 ming so‘m etib belgilangan.
1-maydan davlat idoralarida qog‘ozbozlikni qisqartirish majburiy bo‘ladi
Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida ish jarayonlarini raqamlashtirish hamda qog‘ozdan foydalanishni tartibga solish bo‘yicha yangi choralar belgilandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Qarorga ko‘ra, shu yilning 1-iyuniga qadar barcha tashkilotlarda ishlatilgan qog‘ozlarni yig‘ish uchun maxsus konteynerlar o‘rnatiladi va ularni qayta ishlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, har bir bo‘linmada xodimlar soni va real ehtiyojdan kelib chiqib, qog‘oz sarfiga aniq cheklovlar joriy etiladi.
O‘zbekistonda o‘rtacha oylik 6,4 mln so‘mga yetdi
2025-yilda iqtisodiyotda nominal va real ish haqining yuqori o‘sishi davom etdi. O‘rtacha oylik maosh 6,4 mln so‘mga yetdi. Bu haqda Markaziy bankning mehnat bozori sharhida ma’lum qilindi.
Yil yakuniga ko‘ra nominal ish haqi 18,9 foizga, real ish haqi esa 9,3 foizga oshdi. Sohalar kesimida eng yuqori o‘rtacha ish haqi moliya va sug‘urta sohasida 17,6 mln so‘mni tashkil etdi. Axborot-kommunikatsiya xizmatlarida esa bu ko‘rsatkich 15,3 mln so‘m bo‘ldi.
Navro‘z va Ramazon hayiti arafasida 400 ga yaqin shaxs afv etildi
Prezident farmoni bilan qilmishidan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga o‘tgan 392 nafar shaxs afv etildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Afv etilganlarning 223 nafari jazodan to‘liq ozod qilindi. 82 nafari muddatidan oldin shartli ravishda ozod etildi. 34 nafar shaxsning jazosi yengilroq jazo bilan almashtirildi. Yana 53 nafarining jazo muddati qisqartirildi.
O‘zbekistonda Hayit namozi vaqtlari e’lon qilindi
Musulmonlar idorasi 20-mart kuni Ramazon hayiti namozi qaysi vaqtda o‘qilishini ma’lum qildi. Hududlarga qarab vaqtlar biroz farq qiladi.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning Birinchi prezidenti Islom Karimov maqbarasini ziyorat qildi
Shavkat Mirziyoyev Samarqandga tashrifi davomida Hazrati Hizr majmuasidagi birinchi prezident Islom Karimov maqbarasini ziyorat qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Shuningdek, prezident Imom Moturidiy majmuasida olib borilayotgan qurilish ishlari bilan tanishdi. Mazkur majmua Chokardiza qabristoni hududida qayta bunyod etilmoqda.
Bayram kunlari qaysi banklardan dollar ayirboshlash mumkin
20-23-mart, Ramazon hayiti va Navro‘z bayrami kunlari 24 ta tijorat bankida valyuta ayirboshlash va xalqaro pul oʻtkazmalari xizmatlari koʻrsatiladi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati ma’lum qildi.
Prezident O‘zbekiston xalqini Ramazon hayiti bilan tabrikladi
Shavkat Mirziyoyev Ramazon hayiti munosabati bilan mamlakat aholisiga bayram tabrigini yo‘lladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Davlat yetakchisi o‘z tabrigida Ramazon hayitini ezgulik, mehr-oqibat va saxovat ayyomi sifatida e’tirof etib, barcha vatandoshlarni ushbu muborak bayram bilan samimiy qutladi. Shuningdek, barchani mana shunday fayzli kunlarga yetkazgani uchun Yaratganga shukronalar aytilgani ta’kidlandi.