Poytaxtdan 500 mingdan ortiq avtomobillar chiqib ketdi, Chevrolet Spark EUV narxi arzonlashdi — 20-mart kuni e’lon qilingan yangiliklar

Kursiv Uzbekistan 20-mart kuni e’lon qilingan respublikada va xorijda yuz bergan yangiliklarni bir joyga jamladi.
Hayit arafasida poytaxtdan 500 mingdan ortiq avtomobillar chiqib ketdi

Hayit bayrami munosabati bilan Toshkentda harakat kuchaygan. Xususan, 19-mart kuni ertalabki soat 09:00 dan kechki 20:00 gacha poytaxtdan 500 mingdan ortiq transport vositasi chiqib ketdi.
Shuningdek, Transport vazirligiga ko‘ra, 19-mart kuni Toshkent avtovokzalidan hududlarga 185 ta reyslar bajarilib, 10 mingga yaqin yo‘lovchilar o‘z manziliga yetkazildi.
Yangi Chevrolet Spark EUV narxi arzonlashdi

General Motors Meksikada 2026-yilgi Chevrolet Spark EUV elektromobilining narxini pasaytirdi. GM Authority yozishicha, bu qaror Xitoy brendlari bilan kuchli raqobat fonida qabul qilingan.
Endi model narxi 419 900 peso ($23,6 ming) etib belgilandi. Bu avvalgi 449 900 peso ($25,3 ming)ga nisbatan 30 ming peso ($1,7 ming)ga arzon.
Eron O‘zbekistonga insonparvarlik yordami uchun minnatdorchilik bildirdi

Eron bir qator davlatlarga, jumladan, O‘zbekistonga, AQSh va Isroil bilan mojaro paytida ko‘rsatilgan yordam uchun minnatdorlik bildirdi. Bu haqda Eron Qizil yarim oy jamiyati rahbari Pirhossein Kulivandga tayangan holda «Ria Novosti» xabar berdi.
Joriy yilning 16-mart kuni O‘zbekiston Eron xalqini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 120 tonnalik insonparvarlik yordami yuborgandi. Ma’lum qilinishicha, yordam karvoni tarkibiga bir qator oziq-ovqat mahsulotlari kiritilgan. Jumladan, un, guruch, shakar, makaron, kungaboqar yog‘i hamda turli konservalar yuborilgan. Bundan tashqari, insonparvarlik yukiga dori-darmonlar va tibbiy vositalar ham qo‘shilgan.
Bayram va dam olish kunlari shifoxonalar uzluksiz ishlaydi

Ramazon hayiti va Navro‘z bayrami munosabati bilan e’lon qilingan dam olish kunlari tibbiyot muassasalari faoliyati to‘xtamaydi. Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, buning uchun maxsus shtab tashkil etildi.
Xususan, 20 – 23-mart kunlari barcha shifoxonalar, ixtisoslashtirilgan markazlar va klinikalar navbatchilik asosida ishlaydi. 20 mingga yaqin tibbiyot xodimlari aholi uchun xizmat qiladi.
Toshkentda 9,6 mlrd so‘mlik noqonuniy kriptoaktivlar savdosi fosh etildi

Toshkentda 9,6 mlrd so‘mlik noqonuniy kriptoaktivlar savdosi bilan shug‘ullangan shaxslar aniqlanib, jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lumotga ko‘ra, Abror va Boysxon ismli shaxslar litsenziyasiz holda turli saytlar orqali 2025-yil iyuldan bugungi kungacha kripto savdosi bilan shug‘ullanib kelgan. Xususan, 2025-yil iyuldan 2026-yil yanvargacha ushbu faoliyat orqali jami 793 ming USDT (9,6 mlrd so‘m) aylanma amalga oshirilgani aniqlandi.
Kim Chen In qizi bilan dronlarga qarshi yangi tankni sinab ko‘rdi

Shimoliy Koreya yangi jangovar tanklarini taqdim etdi. Bloomberg’ga ko‘ra, bu tanklar dron va raketa hujumlarini qaytara oladi.
Davlat rahbari Kim Chen In harbiy mashg‘ulotlarni shaxsan kuzatdi. Unda tanklar hujum, bostirib kirish va mudofaa chiziqlarini egallash ssenariylari sinovdan o‘tkazildi.
Taqdimot chog‘ida Kim Chen In tankda qizi bilan birga ko‘rindi. U so‘nggi paytlarda harbiy tadbirlarda tez-tez qatnashmoqda.
Baxt reytingi: Oʻzbekiston MDH davlatlari orasida ikkinchi oʻrinni egalladi

O‘zbekiston World Happiness Report reytingida 53-o‘rinni saqlab qoldi. Mamlakatning o‘rtacha hayotdan qoniqish darajasi 10 ballik tizimda 6,283 ballni tashkil etdi.
Hisobotga ko‘ra, O‘zbekistonda baxtlilikka eng katta ta’sir qiluvchi omil ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hisoblanadi. Bu omil umumiy bahoning 24 foizini tashkil etadi. Aholining bir-biriga yordami yuqori darajada ekani qayd etilgan.
Shavkat Mirziyoyev Gurbanguli Berdimuhamedovni Ramazon hayiti va Navro‘z ayyomi bilan qutladi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20-mart kuni Turkman xalqining milliy yetakchisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi.
Suhbat boshida yetakchilar bir-birini Ramazon hayiti va Navro‘z ayyomi bilan samimiy qutladi. Ular ikki xalqqa tinchlik, farovonlik va taraqqiyot tiladi. Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedovga ham alohida tabrik yo‘lladi.