Janubiy Koreya yo‘l qurilish mutaxassislarini ishga taklif qilmoqda

Janubiy Koreyada yo‘l qurilish sohasida ishlashni istagan mutaxassislar uchun yangi ish o‘rinlari e’lon qilindi. Ishlar E-7-1 vizasi asosida Seul shahrida taklif etilmoqda.
Loyiha doirasida 50 ta ish o‘rni ochilgan. Taklif etilayotgan lavozimlar qatoriga yo‘l qurilish ustalari, payvandchilar, elektriklar, ekskavator va maxsus texnika mashinistlari kiradi. Nomzodlar bilan bir yillik mehnat shartnomasi tuziladi. Ish sifatiga qarab uni 3 yilgacha uzaytirish imkoniyati mavjud. Oylik maosh $2 ming etib belgilangan.
Ish beruvchi tomonidan turar-joy bepul ta’minlanadi. Biroq viza va aviachipta xarajatlari nomzod hisobidan qoplanadi. Talabgorlar 20–39 yosh oralig‘ida bo‘lishi, jismonan sog‘lom va kamida 3 yillik ish tajribasiga ega bo‘lishi kerak. Shuningdek, koreys yoki ingliz tilini boshlang‘ich darajada bilish talab etiladi. Qurilish yoki arxitektura yo‘nalishida diplom mavjud bo‘lishi lozim, biroq 5 yildan ortiq tajriba bo‘lsa bu talab yengillashtirilishi mumkin.
Nomzodlar ish beruvchi bilan suhbat va amaliy imtihondan o‘tadi. Ushbu jarayon 2026-yil aprel oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chexiya o‘zbekistonliklar uchun har yili 150 ta mehnat vizasi kvotasini ajratishi haqida yozgan edi.