Yevropaga migrantlar oqimining asosiy aybdori Putin — yevrokomissar

eʼlon qilindi
YI komissari yirik migratsiya inqirozlarini bevosita Rossiya harakatlari bilan bog‘ladi
Foto: Sputnik / Gavriil Grigorov

Yevropa Ittifoqiga migrantlar oqimining ortishiga, asosan, Rossiya prezidenti Vladimir Putin sababchi hisoblanadi. Bu haqda YI ichki ishlar va migratsiya bo‘yicha komissari Magnus Brunner ma’lum qildi.

«Bu yirik migratsiya oqimlari ortida doimo Putin turadi», – dedi Magnus Brunner.

U 2015 – 2016-yillarda Yevropada yuzaga kelgan va 2 mlndan ortiq boshpana so‘rash arizasiga sabab bo‘lgan Suriya inqirozini eslatib, o‘shanda Rossiya Bashar Asadni qo‘llab-quvvatlaganini ta’kidladi.

Ikkinchi yirik migratsiya oqimi Rossiya boshlagan urush oqibatida Ukrainadan kelgan qochqinlar bilan bog‘liq. Hozirgi kunga kelib qariyb 4,3 mln nafar ukrainalik Yevropa Ittifoqida vaqtinchalik himoya maqomini olgan. Komissar Erondagi vaziyatga ham to‘xtalib, hozircha bu davlatdan Yevropaga qochqinlar oqimi kuzatilmayotganini bildirdi.

«Biroq biz hushyor bo‘lishimiz kerak, chunki vaziyat har kuni o‘zgarishi mumkin», – deb ta’kidladi u va Putin Tehron rejimini ham qo‘llab-quvvatlayotganiga e’tibor qaratdi.

Brunner Yevropa Ittifoqi yangi biometrik chegara tekshiruvlari joriy qilingani sababli 10 yil oldingiga nisbatan yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rganini aytdi.

«Endi biz Yevropa Ittifoqiga kim, qachon va qayerdan kirib kelayotganini ko‘ra olamiz», – dedi komissar.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Kiyev Putin qarorgohiga qilingan hujumga O‘zbekistonning munosabatini tanqid qilgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek