«10 ming qadam piyoda» loyihasi qayta ishga tushiriladi

Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan «Ekomadaniyat» umummilliy loyihasi doirasida ekologik ta’lim, ilm-fan va targ‘ibotni yagona tizimga birlashtirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Shuningdek, loyihaga ko‘ra, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab respublikaning barcha 14 hududida «yashil texnikumlar» tashkil etiladi va ular Green University bilan akademik hamkorlikda faoliyat yuritadi. Kelgusida bu muassasalarda tahsil olayotganlar soni bosqichma-bosqich oshirilib, 2028 – 2029-yillarga borib 10 ming nafarga yetkaziladi.
Oliy ta’lim tizimida ham yangi yo‘nalishlar ochiladi. Jumladan, «yashil» iqtisodiyot, iqlim o‘zgarishi, atrof-muhit muhandisligi, barqaror shaharsozlik va energiya almashinuvi kabi mutaxassisliklar joriy etiladi. Ta’limda nazariya va amaliyotni uyg‘unlashtiruvchi dual tizim keng qo‘llanadi.
Aholi orasida ekologik madaniyatni oshirish maqsadida «10 ming qadam piyoda» tashabbusini qayta tiklash, «Sog‘lom turmush tarzi» platformasini ishga tushirish rejalashtirilgan. Shuningdek, Samarqand shahrida yirik xalqaro tadbirlar – GEF-8 assambleyasi va Eco Expo Central Asia 2026 ko‘rgazmasini o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent va unga tutash hududlarda 1-oktabrdan yangi issiqxonalar qurilishi cheklanishi haqida yozgandi.