Jahon banki O‘zbekiston transport infratuzilmasi uchun 200 mln dollar ajratdi

eʼlon qilindi
Loyiha doirasida Surxondaryodagi M41 avtomagistrali kengaytiriladi
Foto: Kursiv Uzbekistan

Jahon banki direktorlar kengashi Surxondaryo viloyatida transport infratuzilmasining modernizatsiyasi uchun $200 mlnlik loyihani ma’qulladi. Bu haqda Jahon bankining matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ajratilgan mablag‘ hududdagi mintaqaviy avtomagistralni rekonstruksiya qilish hamda mamlakat transport sohasidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.

Loyiha doirasida «Avtoyo‘linvest» agentligi ko‘magida M41 avtomagistralining O‘zbekistonni Tojikiston, Qirg‘iziston va Afg‘oniston bilan bog‘lovchi 91 kilometrlik qismi ikki chiziqdan to‘rt chiziqqa kengaytiriladi. Qayta qurish ishlari yakunlangach, yo‘ldan har kuni qariyb 35 ming kishi foydalanishi hamda hududdagi 550 ming aholi uchun yangi biznes va ish o‘rinlari yaratilishi kutilmoqda.

Shuningdek, 180 ga yaqin ko‘prik va suv toshqinlaridan himoya qiluvchi drenaj inshootlari quriladi va ta’mirlanadi. Infratuzilmaning yangilanishi natijasida aholi punktlaridan tashqarida o‘rtacha harakatlanish tezligi soatiga 65 kilometrdan 90 kilometrgacha oshadi va yo‘l-transport hodisalari soni qisqaradi.

Loyihaning yana bir muhim qismi «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ faoliyatini takomillashtirish, korporativ boshqaruvni kuchaytirish va xususiy sarmoyalarni jalb qilishni ko‘zda tutadi.

«Samarali va xavfsiz avtomobil hamda temir yo‘llar tarmog‘ini rivojlantirish aholining ish o‘rinlari va xizmatlardan foydalanish imkoniyatini ta’minlash, shuningdek, O‘zbekiston raqobatbardoshligini mustahkamlash uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega», – dedi Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Naji Benxasin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Jahon banki O‘zbekistonda gaz sizib chiqishini kamaytirish uchun 10,6 million dollar ajratgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek