
2026-yilgi Mazda3 Turbo avtomobil bozorida o‘ziga xos o‘rin egalladi. Model sport va kundalik foydalanish o‘rtasidagi muvozanatni taklif etadi. Mazda MX-5 Miata’ga xos haydov zavqini amaliy kuzov bilan birlashtirishga urinish seziladi.
Dizayn

Mazda’ning Kodo dizayn falsafasi bu modelda ham o‘zini ko‘rsatadi. Avtomobil ortiqcha agressiv elementlarsiz, silliq va uyg‘un chiziqlarga ega. Ko‘plab raqobatchilar keskin va sportiv ko‘rinishga urg‘u berayotgan bir paytda, Mazda3 yanada muloyim va premium ko‘rinadi. Shu sababli u vaqt o‘tishi bilan ham eskirmaydigan dizaynga ega.
Salon

Ichki qism haydovchiga qulaylik va sifat hissini beradi. Old o‘rindiqlar ergonomik va uzoq safarlarda ham qulay. Materiallar sifati esa segmentdan yuqori ko‘rinadi. Multimedia tizimi sensorli ekran o‘rniga boshqaruv tugmasi orqali ishlaydi, bu esa haydash vaqtida e’tiborni yo‘ldan chalg‘itmaydi.
Orqa qator esa modelning zaif tomonlaridan biri. Katta odamlar uchun joy tor. Qisqa masofalarda muammo bo‘lmasa-da, uzoq safarlar uchun noqulay bo‘lishi mumkin.
Texnik qism

Mazda3 Turbo 2,5 litrli turbomotor bilan jihozlangan. U 227 ot kuchi ishlab chiqaradi, premium yonilg‘ida esa 250 ot kuchigacha yetadi. Avtomobil 0 dan 100 km/soat tezlikka taxminan 5,5 soniyada chiqadi.
Uzatuv qutisi 6 pog‘onali avtomat bo‘lib, barcha versiyalar to‘liq uzatma bilan taklif etiladi. Boshqaruv aniq va sezgir, shassi esa burilishlarda ishonchli harakatni ta’minlaydi.
Yo‘lda
Mazda3 Turbo‘ning eng katta afzalligi – haydash hissi. Rul boshqaruvi aniq, balans yaxshi, avtomobil burilishlarda o‘zini ishonchli tutadi. G-Vectoring Control Plus tizimi og‘irlik taqsimotini optimallashtirib, boshqaruvni yanada yaxshilaydi.

Avtomobil kichik o‘lchamlari tufayli shahar sharoitida ham qulay. Shu bilan birga, magistral yo‘llarda ham barqaror harakat qiladi.
Yonilg‘i sarfi
Turbo versiya oddiy atmosferali motorli modelga qaraganda ko‘proq yonilg‘i sarflaydi. O‘rtacha ko‘rsatkichlar 23 – 31 mpg atrofida. Bu sportga yaqin xarakter uchun odatiy hisoblanadi.
Mazda3 Turbo bozorda o‘ziga xos segmentda joylashgan. U to‘liq sport xetchbek emas, lekin oddiy kompakt ham emas. Toyota GR Corolla kabi kuchli modellarga qaraganda yumshoqroq, Hyundai Elantra N ga nisbatan esa ko‘proq balansli variant hisoblanadi.
Kursiv Uzbekistan nashri Mazda MX-5 avtomobili qanday imkoniyatlar bilan chiqishi haqida yozgan edi.