Afg‘onistondan kartoshka orasiga yashirib olib kirilgan 72 kg narkotik fosh etildi

Surxondaryo viloyatida Afg‘onistondan kartoshka orasiga yashirib olib kirilgan 72 kg narkotik fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) ma’lum qildi.
Termiz tumanida yashovchi 2001-yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi «MAN» yuk avtomobili Afg‘onistondan «Termiz-avtomobil yo‘li» chegara punkti orqali kirib kelgan. Transport vositasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari va bojxona xodimlari tomonidan tekshiruvdan o‘tkazilgan.
Ko‘rik davomida yukxonada kartoshka ortilgani aniqlangan. Ammo mahsulotlar sinchiklab tekshirilganda, ular orasiga kartoshka ko‘rinishida niqoblangan narkotik moddalar yashirilgani ma’lum bo‘lgan.
Jami 222 dona bo‘lakdan iborat 72 kg 300 gramm «gashish» moddasi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu narkotik moddalar Rossiyaga olib ketilishi rejalashtirilgan.
Hozirda holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Andijon va Qashqadaryoda noqonuniy dori savdosi fosh etilgani haqida yozgan edi.