Akademik litsey o‘quvchilari uchun yangi imkoniyatlar joriy etildi

O‘rta maxsus ta’lim tashkilotlarida yakuniy davlat attestatsiyasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Yangi tartibga ko‘ra, xorijiy tillar va umumta’lim fanlari bo‘yicha milliy hamda xalqaro tan olingan sertifikatga ega bo‘lgan o‘quvchilar ushbu fanlardan davlat imtihonlarini topshirmaydi va ularga maksimal ball beriladi.
Shu bilan birga, yakuniy attestatsiya sinovlarini so‘nggi uch yil mobaynida topshirmagan o‘quvchilarga davlat namunasidagi shahodatnoma olish uchun eksternat tartibida yakuniy attestatsiyani topshirish huquqi beriladi.
Bundan tashqari, yakuniy attestatsiya sinovlarida shikoyatlarni ko‘rib chiqish uchun apellyatsiya komissiyasi tuziladi. O‘quvchilar davlat imtihoni baholari e’lon qilingan kundan boshlab 3 ish kuni ichida apellyatsiya shikoyatini topshirishi mumkin.
Shuningdek, apellyatsiya jarayonida o‘quvchilarning davlat imtihoni natijasida olgan ballari pasaytirilmaydi, bu esa adolatli baholashni ta’minlaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi tashkil etilishi haqida xabar bergan edik.