Yangi Toshkentda yirik musiqali favvora majmuasi barpo etiladi

eʼlon qilindi
Qariyb 8 gektar maydonda
Yangi Toshkentda yirik musiqali favvora majmuasi barpo etiladi / Foto: President.uz

O‘zbekistonda zamonaviy jamoat makonlarini rivojlantirish doirasida Yangi Toshkent shahrida yirik musiqali favvora majmuasini barpo etish loyihasi ishlab chiqildi. Shavkat Mirziyoyev mazkur loyiha bilan tanishdi.

Loyihaga ko‘ra, Yangi Toshkentda qariyb 8 gektar maydonda musiqali favvora majmuasi barpo etiladi. Uning tarkibida umumiy suv yuzasi 6,3 gektarni tashkil etadigan havza bo‘lib, 1,5 gektar hududda suv, musiqa va yorug‘lik uyg‘unligidagi shoularni o‘tkazish imkonini beruvchi favvora quriladi. Shuningdek, suvni 232 metr balandlikkacha ota oladigan super favvora va diametri 100 metrli suzuvchi platforma tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Foto: President.uz

Majmua doirasida radiusi 185 metr bo‘lgan 360 darajali suv ekrani hosil qilinib, unda turli tasvirlarni proyeksiya qilish imkoniyati yaratiladi. Bundan tashqari, yuqori quvvatli lazer nurlari, dinamik suv kompozitsiyalari va zamonaviy vizual effektlardan foydalanish ko‘zda tutilgan. Barcha texnik tizimlar, jumladan, nasos, elektr va lazerli proyeksiya uskunalari yer ostidagi ikki qavatli inshootda joylashtiriladi.

Suv havzasi atrofida yashil hududlar va xizmat ko‘rsatish obyektlari barpo etiladi. Ushbu majmua Yangi Toshkentning diqqatga sazovor maskanlaridan biriga aylanishi, shaharning me’moriy qiyofasini boyitishi hamda turli madaniy tadbirlar, bayram va festivallarni o‘tkazish uchun zamonaviy maydon vazifasini bajarishi kutilmoqda.

Foto: President.uz

Davlat rahbari loyiha mazmuni, texnik yechimlari va hududni kompleks obodonlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Shuningdek, tashrif buyuruvchilar uchun savdo, ovqatlanish va servis xizmatlarini sifatli tashkil etish zarurligini ta’kidladi hamda ushbu hududda joriy yilgi Mustaqillik bayrami tadbirlarini yuqori saviyada o‘tkazish muhimligini qayd etdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2027-yilgi U-20 jahon chempionatining ayrim o‘yinlari O‘zbekistonda o‘tkazilishi haqida yozgan edik.

Shuningdek