OTB Yaqin Sharq mojarosidan aziyat chekkanlarga moliyaviy yordam paketini e’lon qildi

Osiyo taraqqiyot banki Osiyo va Tinch okeani mintaqasidagi davlatlarga Yaqin Sharqdagi mojaro ta’sirini kamaytirish maqsadida yangi moliyaviy yordam paketini taqdim etishini ma’lum qildi. Bu haqda bank Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.
Bank prezidenti Masato Kandaga ko‘ra, ushbu yordam tezkor, moslashuvchan va keng ko‘lamli bo‘lib, mamlakatlarga qisqa muddatli muammolarni yengib o‘tish hamda uzoq muddatli barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Xususan, zarur tovarlar, jumladan, neft importini ta’minlash uchun savdo va ta’minot zanjirlarini moliyalashtirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Ma’lum qilinishicha, bank zarur resurslarga ega bo‘lib, favqulodda yordamni kengaytirish uchun ham imkoniyatlar mavjud. Shu bilan birga, global bozorlardagi o‘zgarishlar, energiya narxlarining tebranishi, inflyatsiya bosimi va tashqi savdo muvozanatiga ta’sirlar doimiy monitoring qilinmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, dengiz transportidagi uzilishlar allaqachon yetkazib berish muddatlari va xarajatlarining oshishiga olib kelgan. Bundan tashqari, muammolar nafaqat energetika, balki neft-kimyo mahsulotlari va o‘g‘itlar kabi muhim resurslarga ham ta’sir qilmoqda. Bu esa qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ishlab chiqarishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Shuningdek, turizm va pul o‘tkazmalariga tayanadigan iqtisodiyotlar ham qo‘shimcha bosimga duch kelmoqda. Mojaro mintaqada moliyaviy sharoitlarning keskinlashishiga, valyutalar va kapital oqimlariga bosim ortishiga sabab bo‘lmoqda.
Mazkur vaziyatda OTB ikki asosiy yo‘nalishda yordam ko‘rsatadi:
- davlatlarga budjetni qo‘llab-quvvatlash orqali iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash;
- xususiy sektorni qo‘llab, muhim tovarlar importini uzluksiz davom ettirish.
Alohida ta’kidlanishicha, bank muayyan davr uchun istisno tariqasida neft importini moliyalashtirishni ham qayta yo‘lga qo‘yadi.
Hozirda bank eng ko‘p zarar ko‘rgan mamlakatlar bilan muzokaralarni boshlagan bo‘lib, hukumatlar va xalqaro hamkorlar bilan birgalikda muvofiqlashtirilgan choralarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan OTB Qashqadaryoda quriladigan quyosh elektr stansiyasiga $30 million ajratishi haqida yozgandi.