Lamborghini 4 o‘rinli superkar loyihasini qayta ko‘rib chiqmoqda

25-mart 2026 07:28 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Foto: Lamborghini

Lamborghini kompaniyasi model qatorini kengaytirish maqsadida 4 o‘rinli, 2+2 formatdagi yangi sportkar ishlab chiqishni ko‘rib chiqyapti. Bu haqda Tarantas News nashri xabar berdi.

Kompaniya rahbari Stephan Winkelmann ta’kidlashicha, brend portfelida klassik gran-turer (GT) yetishmaydi. Shu sababli yangi model aynan shu bo‘shliqni to‘ldirishi mumkin.

Bu avtomobil an’anaviy superkarlarga nisbatan amaliyroq bo‘lib, haydovchiga qo‘shimcha ravishda yana 2 yo‘lovchini ham olib yurish imkonini beradi.

Agar loyiha amalga oshsa, bu Lamborghini Espada modelidan beri ilk 4 o‘rinli Lamborghini bo‘ladi. Espada 1978-yilgacha ishlab chiqarilgan va o‘z davrida brendning eng muvaffaqiyatli avtomobillaridan biri hisoblangan.

Yangi GT avtomobil bozorda Ferrari, Bentley va Aston Martin kabi premium brendlar bilan raqobatlashishi kutilmoqda. Bu esa Lamborghini auditoriyasini kengaytirishga xizmat qiladi.

Elektromobil masalasi kechiktirildi

Shu bilan birga, kompaniya to‘liq elektr avtomobil ishlab chiqish rejalarini kamida 2030-yilgacha ortga surdi. Bunga sabab — hozircha past talab va texnologiyalarni yanada takomillashtirish zarurati bo‘ldi.

Lamborghini o‘z avtomobillarida hissiyot, dvigatel ovozi va haydash zavqini saqlab qolishni maqsad qilgan. Shu bois yaqin yillardagi yangi modellarda gibrid yoki ichki yonuv dvigatelli variantlar ustuvor bo‘ladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Lamborghini elektromobillar loyihasidan voz kechgani haqida yozgandi.

Shuningdek