
Huawei va GAC Group hamkorligida yaratilgan Aistaland brendi ilk modelini bozorga olib chiqadi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda. Aistaland GT7 elektromobili Xitoyda 2026-yil iyun oyida sotuvga chiqishi kutilmoqda.
Yangi model dizayni bilan Porsche Panamera’ga o‘xshashligi bilan e’tibor tortmoqda. Old qismida o‘xshash faralar, yon tomonida yarim yashirin tutqichlar va yagona orqa chiroq bloki mavjud.

GT7 katta o‘lchamli avtomobil bo‘lib, uzunligi 5050 mmni tashkil etadi. G‘ildirak bazasi 3000 mm. Bu model Zeekr 001 bilan raqobatlashishi kutilmoqda. Texnologik jihatdan avtomobil 800V tizim, faol osma va Harmony OS asosidagi raqamli kokpit bilan jihozlanadi. Shuningdek, 896 liniyali LiDAR sensori o‘rnatilgan bo‘lib, u tungi sharoitda ham kichik to‘siqlarni aniqlay oladi.
Model ikki elektromotorli tizimga ega bo‘ladi. Narxi taxminan 300 ming yuan ($43,5 ming) atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Aistaland brendi Huawei’ning sun’iy intellekt texnologiyalari va GAC’ning avtomobil ishlab chiqarish tajribasini birlashtiradi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Huawei Saic Z7 va Z7T elektromobillari sotuvga chiqqani haqida yozgan edi.