AQShda Meta 375 million dollar jarimaga tortildi

eʼlon qilindi
Nyu-Meksiko sudi hakamlar hay’ati kompaniyani iste’molchilar huquqlarini buzishda aybdor deb topdi
Foto: askarimullin / Depositphotos

AQShning Nyu-Meksiko shtati hakamlar hay’ati Meta kompaniyasini o‘z platformalarida bolalar xavfsizligi bo‘yicha foydalanuvchilarni chalg‘itganlikda aybdor deb topdi. Buning natijasida kompaniya $375 mln miqdorida jarima to‘laydi.

Nyu-Meksiko bosh prokurori Raul Torres tomonidan qo‘zg‘atilgan ishda Meta Facebook, Instagram va WhatsApp platformalari xavfsizligi borasida jamoatchilikni aldagani aytilgan. Da’voga ko‘ra, platformalar bolalar jinsiy ekspluatatsiyasiga sharoit yaratgan va yosh foydalanuvchilarda qaramlikni keltirib chiqaruvchi funksiyalarga ega bo‘lgan.

Hakamlar hay’ati jami 75 mingta qonunbuzarlik holatini aniqlab, har bir qoidabuzarlik uchun $5 mingdan jarima belgiladi. Meta vakillari qarorga norozilik bildirib, apellyatsiya shikoyati kiritishlarini ma’lum qilishgan.

«Biz qarorga qo‘shilmaymiz va apellyatsiya beramiz», – dedi Meta kompaniyasi vakili o‘z bayonotida.

Ushbu sud qarori Meta kompaniyasiga nisbatan yoshlar ruhiy salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatish bo‘yicha qo‘zg‘atilgan ko‘plab ishlardan birinchisidir. Joriy yilning may oyida bo‘lib o‘tadigan sudning ikkinchi bosqichida prokuratura kompaniyadan bolalarni himoya qilish uchun o‘z platformalariga, jumladan, yoshni tasdiqlash tizimiga o‘zgartirishlar kiritishni talab qiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Instagram ota-onalarni ogohlantirish tizimini ishga tushirishi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek