15 mingta ish o‘rni: Toshkent xalqaro moliya markazi qanday tashkil etiladi

eʼlon qilindi
2030-yilgacha markaz iqtisodiyotga qo‘shimcha $20 – $25 milliard investitsiya jalb qiladi
Foto: depositphotos.com

Shavkat Mirziyoyev bugun, 25-mart kuni Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish, Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda bank tizimida islomiy moliya mexanizmlarini joriy qilish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

«Ko‘plab xalqaro kompaniyalar mintaqaviy xavf-xatarlarni baholab, yangi bozorlarni o‘rganishni boshlagan. Bu biz uchun tarixiy imkoniyat. Shu vaziyatda fursatni boy bermasdan xalqaro moliya kompaniyalarini o‘zimizga tezroq jalb qilishimiz shart», – dedi prezident.

Taqdimotda investitsiyaviy jozibadorlikni oshirishga qaratilgan uchta asosiy yo‘nalish – xalqaro moliya markazi va raqamli texnologiyalar markazini tashkil etish hamda islomiy moliya xizmatlarini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Qayd etilishicha, Toshkent xalqaro moliya markazi yangi turdagi investitsiyalarni jalb qilishda muhim platformaga aylanishi mumkin. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2030-yilgacha u iqtisodiyotga qo‘shimcha $20 – $25 milliard investitsiya jalb etadi, yalpi ichki mahsulot o‘sishiga har yili qo‘shimcha 1 foizgacha hissa qo‘shadi hamda 15 mingtagacha yangi ish o‘rni yaratadi.

Shuningdek, markaz faoliyati uchun maxsus huquqiy rejim joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Unda xalqaro standartlarga mos qonunchilik, erkin kapital harakati, valyuta operatsiyalari, imtiyozli soliq tizimi va soddalashtirilgan viza tartibi kabi imkoniyatlar yaratiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Markaziy bank obligatsiyalari va REPO operatsiyalari bo‘yicha tartib yangilangani haqida yozgandi.

Shuningdek