O‘zbekistonda islomiy moliya orqali 1 milliard dollar investitsiya jalb qilinadi

eʼlon qilindi
Rejalarga ko‘ra, joriy yilda kamida bitta tijorat bankida islomiy «darcha» faoliyati yo‘lga qo‘yiladi
Foto: Getty Images

O‘zbekiston iqtisodiyotida uchinchi ustuvor yo‘nalish sifatida islomiy moliya xizmatlarini joriy etish masalasi ko‘rib chiqildi. Bu haqda prezidentga qilingan taqdimotda ma’lum qilindi.

Bunga murobaha (tovarni nasiyaga sotish), muzoraba (foydani taqsimlash sharti bilan moliyalashtirish), vakala (vakillik shartnomasi orqali mablag‘ berish), salam (oldindan haq to‘lash orqali moliyalashtirish), mushoraka (birgalikdagi faoliyat orqali moliyalashtirish), shuningdek islomiy ijara kabi instrumentlar kiradi. Qonunchilikka zid bo‘lmagan boshqa islomiy moliya vositalari ham tatbiq etilishi rejalashtirilgan.

Bunda sotilgan tovar ustamasiga QQS solinmasligi, investitsiyaviy omonatlardan olingan daromadning soliqqa tortilmasligi, islomiy ijara shartnomalarining moliyaviy ijara va lizingga tenglashtirilishi kabi imtiyozlar belgilangan.

Sohani tizimli boshqarish uchun Markaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashi tashkil etiladi, shuningdek islomiy moliya xizmatlarini ko‘rsatuvchi banklarda ham alohida kengashlar faoliyat yuritadi. Ular standartlar ishlab chiqish, me’yoriy-huquqiy hujjatlar tayyorlash, shartnomalarni ko‘rib chiqish va muvofiqlik nazoratini ta’minlash bilan shug‘ullanadi.

Rejalarga ko‘ra, joriy yilda kamida bitta tijorat bankida islomiy «darcha» faoliyati yo‘lga qo‘yiladi, 2026 – 2030-yillarda esa to‘liq islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi ikkita bank tashkil etilishi kutilmoqda. Ushbu yangiliklar orqali 2026 – 2030-yillarda qo‘shimcha $1 milliard miqdorida investitsiya va depozitlar jalb qilish imkoniyati yaratilishi qayd etilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan raqamli texnologiyalar uchun xalqaro markaz tashkil etilishi haqida yozgandi.

Shuningdek