Eng muloyim davlatlar reytingida Yaponiya yetakchi bo‘ldi

eʼlon qilindi
Lekin Yaponiya aholisi o‘zini eng muloyim deb hisoblamaydi
Foto: Remitly

Dunyoning eng muloyim davlatlari reytingi e’lon qilindi. Tadqiqot doirasida 26 davlatdan 4,6 ming nafar respondent so‘rovdan o‘tkazilgan. Bu haqda pul o‘tkazmalari bilan shug‘ullanuvchi Remitly kompaniyasi ma’lum qildi.

Natijalarga ko‘ra, Yaponiya mutlaq yetakchiga aylandi — respondentlarning 35,15 foizi ushbu mamlakatni eng muloyim deb baholagan. Tadqiqot mualliflari yapon jamiyatida hurmat va odob kundalik hayotning ajralmas qismi ekanini ta’kidlaydi. Masalan, ta’zim qilish nafaqat salomlashuv, balki hurmat ifodasi hisoblanadi.

Ikkinchi o‘rinni Kanada (13,35%) egallagan. Tadqiqotda qayd etilishicha, kanadaliklar haqida «doim uzr so‘raydi» degan stereotip mavjud bo‘lsa-da, aslida bu jamiyatda o‘zaro hurmat va e’tibor muhim o‘rin tutadi.

Uchinchi pog‘onadan Buyuk Britaniya (6,23%) joy oldi. Bu mamlakatda «iltimos» va «rahmat» so‘zlarini tez-tez ishlatish hamda navbat madaniyati keng tarqalgan.

Reytingning qolgan o‘rinlarida Xitoy, Germaniya, Filippin, Shvetsiya, Daniya, Finlyandiya va Janubiy Afrika qayd etilgan.

Qiziqarli jihati shundaki, mamlakat aholisi o‘zini qanday baholashi va xorijliklarning fikri ko‘pincha mos kelmaydi. Masalan, Yaponiya aholisi o‘zini eng muloyim deb hisoblamaydi — bu ko‘rsatkich bo‘yicha ular faqat 25-o‘rinda turadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yaponiya haydovchilarni ishga taklif qilayotgani haqida yozgandi.

Shuningdek