O‘zbekistonda 500 dollargacha valyutani pasportsiz xarid qilishga ruxsat berilishi mumkin

O‘zbekistondagi tijorat banklarida $500 gacha bo‘lgan chet el valyutasini sotib olishda shaxsni tasdiqlovchi hujjat talab etilmasligi mumkin. Bu haqda ichki nazorat qoidalariga kiritilayotgan o‘zgartirishlar muhokamaga qo‘yilgan.
Mazkur o‘zgarishlar Markaziy bank hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan ishlab chiqilgan loyiha doirasida ko‘rib chiqilmoqda. Hujjatda jinoiy daromadlarni legallashtirish va noqonuniy moliyaviy operatsiyalarning oldini olish tizimini yanada kuchaytirish maqsad qilingan.
Ushbu qonun loyihasi qabul qilinsa, ekvivalenti $500 gacha bo‘lgan chet el valyutasining naqd sotib olinishida pasport talab etilmasligi mumkin. Hozirda bu limit $100 ni tashkil qiladi.
Shuningdek, yangi tartiblarga ko‘ra, banklarda mijozlarni aniqlash tizimi ham takomillashtiriladi. Endilikda shaxsni tekshirish biometrik pasport, ID-karta yoki raqamli identifikatsiya orqali amalga oshirilishi mumkin. Moliyaviy operatsiyalar, jumladan, pul o‘tkazmalari bo‘yicha ma’lumotlarni qayd etish talablari ham kuchaytiriladi.
Qayd etilishicha, ushbu o‘zgarishlar qabul qilinsa, rasmiy e’lon qilinganidan keyin uch oy o‘tib kuchga kiradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Markaziy bank fevral oyida 11 ta bankka nisbatan jarima qo‘llagani haqida yozgandi.